Arizalar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Tavsiyanoma 5 yil stajga ega xotin-qizlar uchun 500 ta kvotaga tavsiyanoma 3 yilga, ehtiyojmand xotin-qizlar uchun 2 mingta kvotaga tavsiyanoma esa 1 yilga beriladi.
Oʻtgan yili ehtiyojmand xotin-qiz sifatida tavsiyanoma olganlar yana qayta ariza yuborishlari kerak. Ularning tavsiyanomasi 1 yillik boʻlgani uchun joriy yilda oʻtmaydi.
Talabgorlarning arizalari 8-iyunga qadar qabul qilinadi.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
– kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam taʼminlangan deb eʼtirof etil tushuniladi;
– toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
– turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
– nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
– ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;
– ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Ayrimlar tavsiyanoma faqat 2 ming kishiga beriladi, deb xato oʻylaydi. Aslida tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Yaʼni tavsiyanomalar soniga cheklov yoʻq, necha kishi toʻgʻri kelsa, barchasiga beriladi. 2 ming bu ajratilgan kvota.
Yaʼni tavsiyanoma olgan xotin-qizlar jami 10 ming nafar boʻlsa, shularning orasidan 2 ming kishi qoʻshimcha kvotaga talabalikka qabul qilinadi.