O‘zbekiston universiteti Times Higher Education reytingida TOP-600 talikka kirdi

O‘zbekiston universiteti Times Higher Education reytingida TOP-600 talikka kirdi

2025-yil 9-oktabr kuni Times Higher Education (THE) xalqaro nashri tomonidan e’lon qilingan “World University Rankings 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari jahon reytingida yuqori natijani egalladi.

 

 

Xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ilk bor dunyo universitetlari reytingida TOP-600 (501–600) talikdan o‘rin olgan.

 

 

Bundan tashqari, quyidagi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ham reytingda qayd etilgan:

 

 

– Toshkent davlat texnika universiteti – 1001–1200 talikda;

– Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti – 1201–1500 talikda;

– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 1501+ toifada.

 

Shuningdek, 58 ta O‘zbekiston OTM reporter (da’vogar) sifatida ro‘yxatga kiritilgan.

 

2026-yilgi reytingda 115 ta davlat va hududdan 2 191 ta universitet ishtirok etgan. Ular orasida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan 17 ta universitet bo‘lib, O‘zbekiston ilk bor to‘rtta oliy ta’lim muassasasi bilan qayd etilgan.

 

 

“Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi global oliy ta’lim xaritasida yangi markazga aylanmoqda. O‘zbekiston universitetlarining reytingdagi muvaffaqiyatlari mintaqada ilmiy izlanishlar madaniyati va xalqaro raqobatbardoshlikning ortib borayotganini ko‘rsatmoqda”, — deydi Times Higher Education Global ishlari bo‘yicha direktori Fil Beti.

 

 

 

Ma’lumot o‘rnida, Times Higher Education World University Rankings — dunyodagi eng nufuzli xalqaro reytinglardan biri bo‘lib, u oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini ta’lim sifati, tadqiqot muhiti, ilmiy ta’sir, xalqaro ochiqlik va sanoat bilan hamkorlik kabi besh asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi.