Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti maktablarda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida o‘quvchilarning sumkasidan turli xavfli va noqonuniy buyumlar topilganini ma’lum qildi.
Topilgan buyumlar orasida elektron sigaretlar va turli pichoqlar mavjud. Reyd tadbirlari inspektorlar va psixologlar tomonidan tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Ko‘pchilik hollarda bunday buyumlar bolalarning ota-onalari yetarlicha nazorat qilmayotganligi sababli aniqlanmoqda.
Ushbu vositalar bolalarda salbiy odatlarni shakllantirishi va sog‘lik hamda xavfsizlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ichki ishlar organlari holat yuzasidan zarur choralarni ko‘rgan va tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jamoat xavfsizligi departamenti ota-onalarni farzandlarini nazorat qilishga, maktab sumkasini tekshirishga va noqonuniy buyumlarning tarqalishini oldini olishga chaqirmoqda.
“Hurmatli ota-onalar, koʻryapsiz, qancha noqonuniy vositalar oldi olingan. Aynan mana shu inspektor-psixologlar tomonidan. Oʻz farzandingizga panja ortidan qaramang. Ularning ertasi sizning qoʻlingizda. Shunday ekan, eʼtiborli boʻling, ogoh boʻling”, deyiladi murojaatda.
