Termizda o‘qituvchilar konsertga bilet sotib olishga majburlangani haqida xabar tarqaldi

Termizda o‘qituvchilar konsertga bilet sotib olishga majburlangani haqida xabar tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 21-maktab o‘qituvchilari “1-oktyabr — O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan konsert uchun bilet sotib olishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi maktabga 15 ta bilet bergan, har biri 80 ming so‘m. Maktab direktori videomurojaatda biletlarni ixtiyoriy xarid qilish mumkinligini bildirgan va qolgan biletlar dars o‘tadigan ustozlar orasida bo‘lib berilishini aytgan.

 

 

“Xohlovchilar kelib, to‘lov qilib olib ketasizlar, bo‘lmasa mana shu 15 ta biletni “obshiy” mana shu maktabdagi dars o‘tadigan ustozlarga bo‘lamiz. Masala, muammo, shikoyatlar bo‘lmasin. Kimda qanday masala bo‘lsa, o‘zimning oldimga kelsin” — deydi direktor videoxabarda.

 

Shu maktabdagi pedagoglardan biri bilet olish majburiy qilinayotganini bildirgan:

 

 

“Olasizlar, majburiy deb aytyapti, men direktorman, olasan deb.” — deydi murojaatchi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarma O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra pedagoglarni majburiy pul yig‘imlariga jalb etish man etilgan va holat yuzasidan mas’ullar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

 

Hozirda Termiz shahridagi 21-maktabda holat o‘rganilmoqda va masala boshqarma nazoratiga olingan.

 

 

Viloyatdagi maktab yoki maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pul yig‘ilishi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan pedagoglarga Boshqarma ishonch telefoni — (76) 227-35-45 — orqali murojaat qilishlarini va ularning huquq hamda manfaatlari doimo qonun himoyasida ekanligini ta’kidlagan.