Toronto Universitetidagi Lester B. Pearson xalqaro granti (Lester B.Pearson International Scholarship) xalqaro talabalar uchun dunyoning eng mashhur shaharlaridan va dunyodagi eng yaxshi universitetlardan birida bakalavr bosqichida oʻqish imkoniyatini yaratadi.
Toronto universiteti 2025-yil iyun oyi holatiga koʻra, Kanadada 1-o’rinda, dunyodagi eng yaxshi oliygohlar roʻyxatida 25-oʻrinda turibdi.
Dastur yuqori akademik koʻrsatkichlarga erishgan, oʻz qobiliyatini namoyish eta olgan va oʻz taʼlim muassasasida yetakchi sifatida tan olingan talabalarga grant ajratadi.
Lester B. Pearson xalqaro granti har yili eʼlon qilinadi va stipendiyaga xalqaro talabalar hamda Kanadada tahsil olayotgan turli mamlakatlardan kelgan oʻquvchilar tanlab olinadi. Bu eng nufuzli grantlardan boʻlib, talabalarning toʻrt yil davomidagi oʻqish, kitoblar, oziq-ovqat, soliqlar va barcha yashash xarajatlarini toʻliq qoplab beradi.Dasturning faqatgina bakalavr bosqichi uchun nomzodlar qabul qilinadi. Dasturga har yili taxminan 37 ga yaqin talaba saralab olinadi va gʻoliblar Lester B.Pearson olimlari nomini oladi.
Dasturda qatnashish uchun nomzodlar avvalo Toronto universitetidagi bakalavr yoʻnalishlaridan biriga hujjat topshirishlari kerak boʻladi. Keyin esa Lester B.Pearson grantiga alohida onlayn ariza topshiriladi.
Dasturga hujjat qabul qilish jarayoni 2025-yilning 7-noyabrigacha davom etadi.
Dastur haqida ushbu havola orqali toʻliq maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
— Nomzod Kanada fuqarosi boʻlmasligi kerak;
— Tahsil olayotgan muassasasini bitirgan boʻlishi yoki 2025-yil iyun oyiga qadar tugatgan bo’lishi zarur;
— Nomzod ariza topshirganda bakalavriat bosqichida oʻqimayotgan boʻlishi kerak;
— Nomzod 2026-yilda Toronto universitetida boshlanadigan bakalavr yoʻnalishlari dan biriga ariza topshirgan boʻlishi va unga qabul qilingan boʻlishi zarur;
— Ishtirokchi oʻzi tahsil olayotgan muassasaning masʼul shaxsi tomonidan tanlovda qatnashishi uchun tasdiqlanishi lozim, yaʼni masʼul shaxs tavsiyanoma beradi;
— Nomzodlardan ingliz tilini bilish hamda til bilish sertifikati talab qilinadi. Agar nomzod ingliz tilida kamida 4 yil ushbu havola dagi davlatlardan birida oʻqigan boʻlsa, u holda ulardan sertifikat talab qilinmaydi.
Dastur talablari haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
— Nomzodning oʻqish xarajatlari, yaʼni kontrakt puli toʻliq qoplab beriladi;
— Bepul turarjoy bilan taʼminlanadi;
— Toʻrt yillik oʻqish davomidagi barcha xarajatlar qoplanadi;
— Oʻqish davomida kerak boʻladigan kitoblar va boshqa xarajatlar uchun moliyaviy yordam koʻrsatiladi.
— Oziq-ovqat, soliqlar va shu kabi boshqa toʻlovlar xarajatlari ham toʻlanadi.
Dasturning foydali jihatlari haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
Lester B.Pearson granti boʻyicha muhim sanalar:
— 2025-yil 17-oktyabr- Universitetning bakalavr yoʻnalishlari uchun arizalar qabulining oxirgi sanasi;
— 2025-yil 10-oktyabr – Nomzod oʻqish joyidagi masʼul shaxs tomonidan berilgan tavsiyanomani yuklashning oxirgi muddati;
— 2025-yil 7-noyabr – grantga, yaʼni Lester B.Pearson grantiga onlayn ariza topshirishning soʻnggi muddati.
— Dastur natijalari ariza topshirilganidan taxminan 2 hafta oʻtib eʼlon qilinadi.
Maʼlumot uchun:
— Tel: 416-978-2190; Telefon orqali savollarga faqatgina dushanba, chorshanba, payshanba va juma kunlari Kanada vaqti bilan kunduzgi soat 9.30dan kechki 4.30 gacha va seshanba kunlari kunduzgi 1.00 dan 4.30gacha javob olish mumkin;
— E-mail: pearson.scholarship@utoronto.ca
— Ijtimoiy tarmoqlar:
Hujjat topshirish jarayoni bilan bogʻliq savollarga ushbu havola orqali javob topish mumkin.
Dastur boʻyicha oʻqish mumkin boʻlgan bakalavr yoʻnalishlari roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
