O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 2023-yil 14-avgustdagi 376-sonli Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar turar joyiga ehtiyoji bor talabalar to‘liq ta’minlanmasdan turib, boshqa ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunga ko‘ra, ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament talablari asosida avval kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oluvchi talabalar joylashtiriladi. Agar talabalar turar joyida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa, kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalar ham turar joy bilan ta’minlanishi mumkin.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Agar talaba kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan bo‘lsayu, unda imtiyoz bo‘lsachi?
Ushbu masala yuzasidan, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xodimi Zafarshox Amirqulov bilan bog‘landi.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, bu holatda kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talaba belgilangan imtiyozlar toifasiga kirsa, u holda ustuvorlik asosida yotoqxonaga joylashtiriladi.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
– bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
– xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
– “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
– oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar;
Demak, kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalar yotoqxonaga faqat quyidagi hollarda joylashtiriladi:
— kunduzgi ta’lim talabalari to‘liq joylashtirilgach, bo‘sh joy qolsa;
— talaba imtiyozli toifaga kirsa.
