IELTS butun dunyo bo‘ylab 12 500 dan ortiq tashkilot tomonidan tan olingan bo‘lib, ko‘plab odamlarga ham yurtida, ham chet elda o‘z maqsadlariga erishishga yordam bergan. Ammo unga qanday tayyorlanish mumkin?
Quyida IELTS imtihonidan kerakli ballni olishga yordam beradigan 10 ta eng samarali o‘qish texnikasi bilan tanishishingiz mumkin:
Testga tayyorgarlikning 10 ta samarali texnikasi
1. Kundalik rejim yarating
IELTSga eng samarali tayyorgarlik uchun birinchi qadam — har kuni amal qiladigan jadval tuzishdir. Bu jadvalga qat’iy rioya qiling, hatto mashg‘ulot atigi yarim soat bo‘lsa ham. Muntazamlik va bosqichma-bosqich o‘rganish yaxshi natija beradi.
Jadvalingizni shunday tashkil qilingki, har kuni bir xil vaqtda dars qila olishingiz kerak. Shunda o‘qish odatga aylanadi. Unutmang, har kuni yarim soat o‘qish, haftada bir marta bir necha soat o‘qishdan samaraliroq.
Yangi mashg‘ulotlarni faqat avvalgilari bilan yetarlicha tanishib olganingizdan keyin qo‘shing — o‘zingizni ortiqcha yuklamang va barcha mashg‘ulotlaringiz IELTS mavzulariga bog‘liq bo‘lsin.
2. Zaif tomonlaringizga e’tibor qarating
Kuchli va zaif tomonlaringizni bilsangiz, tayyorgarlik tezroq va maqsadli kechadi. IELTSga tayyorlanar ekan, aynan qaysi ko‘nikmalar ustida ishlash kerakligini aniq bilib olasiz. Zaif tomonlarga ko‘proq e’tibor qaratish o‘quv vaqtini maksimal darajada samarali qiladi.
Masalan, o‘qish ko‘nikmalaringiz kuchli, lekin yozish (writing) sust bo‘lsa, yana o‘qish (reading)ni ko‘paytirishga tushmang — darslaringizga ko‘proq yozuv (writing) mashqlarini qo‘shing, umumiy balingiz yuqoriroq bo‘ladi.
3. Muhim fikrlarni chizib qo‘ying
Chizib qo‘yish — o‘rgangan ma’lumotni yodda saqlashning keng tarqalgan usuli. Muhim joylar chizilganda, sahifaga qaragansiz darhol ko‘zga tashlanadi.
Bu usulni boshqa o‘qish texnikalari bilan birga qo‘llashingiz mumkin. Ayniqsa, matndagi kalit so‘zlar asosida qisqa bayon (summary) yoki reja (outline) tuzmoqchi bo‘lganingizda juda foydali.
Foydalanish bosqichlari:
Matnni tez ko‘zdan kechirib umumiy mazmunini tushuning;
Muhim nuqtalarni topish uchun diqqat bilan qayta o‘qing;
Yana o‘qib chiqing va eslab qolmoqchi bo‘lgan joylarni chizib qo‘ying, ajrating yoki belgilang;
Oxirgi marta ko‘zdan kechirib, e’tibordan chetda qolgan nuqtalarni aniqlang.
4. Mind map yoki konsept (concept) xaritalar tuzing
“Mapping” — ma’lumotni tutib olish va eslab qolish uchun vizual usul. U testga tayyorgarlikda juda samarali, chunki ko‘rgan narsamizni eshitgan yoki o‘qiganimizdan tezroq qayta ishlaymiz.
Mind map (aqliy xarita): asosiy g‘oya markazda bo‘ladi, u bilan bog‘liq g‘oyalar chiziqlar bilan ulanadi. So‘zlarni rasmlar va ranglar bilan bog‘lash yodda saqlashni kuchaytiradi;
Konsept xarita: daraxtsimon ko‘rinishda bo‘lib, bir yoki bir nechta markaziy g‘oyalardan bo‘limlar “shoxlanib” chiqadi va o‘zaro bog‘lanadi.
Ya’ni:
Markazda – asosiy g‘oya yoki mavzu yoziladi;
Tarmoqlar – shu g‘oyaga bog‘liq tushunchalar, faktlar, jarayonlar;
Chiziqlar – tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rsatadi (masalan: «sabab bo‘ladi», «bog‘liq», «natijada»);
Ierarxiya – odatda yuqoridan pastga qarab eng umumiy tushunchadan aniqroq va kichikroq tushunchalarga o‘tiladi.
5. O‘rganganlaringizni qisqa bayon qiling
Darsdan asosiy g‘oya va kontekst ishoralarini ajratib olish vaqtni tejaydi. Takrorlash chog‘ida o‘qish hajmi qisqaradi va keraksiz, chalg‘ituvchi tafsilotlar kamayadi.
Ajoyib summary yozish bosqichlari:
– qisqartirmoqchi bo‘lgan matnni bir necha bor o‘qing;
– uni bo‘limlarga (masalan, abzaslarga) ajrating;
– har bir bo‘limning asosiy g‘oyasini yozing;
– kontekstual ishoralarni (clues) belgilang;
– shu ma’lumotlarning barchasidan foydalanib, qisqa bayon tuzing.
6. Flashcardlar tayyorlang
Flashcardlar – yangi tilni yodlash va oldin o‘rganganlaringiz bilan bog‘lashda juda foydali. Ular IELTSda kerak bo‘ladigan so’zlarni takrorlashga yordam beradi. Ularning afzalligi — siz ularni o‘zingizga mos qilib dizayn qilishingiz mumkin. Shaxsiylashtirish kartochkadagi ma’lumotni yanada samarali yodlashga yordam beradi.
Flashcardlarni tayyorlash bo‘yicha maslahatlar:
– o‘rganishingiz kerak bo‘lgan mavzu yoki til bo‘limini aniqlang;
– bir nechta mavzu/bo‘lim bo‘lsa, ularni turli ranglarda ajrating;
– kartochkalarni tartib uchun raqamlang;
– sarlavha va kichik sarlavhalar qo‘ying;
– eng muhim nuqtalarni ajratib ko‘rsating;
– ularni ko’rinadigan joyda saqlang.
7. Asosiy 4 ko‘nikmaga e’tibor qarating
O‘z-o‘zingiz mustaqil ravishda o‘qish (reading), yozish (writing), tinglash (listening) va gapirish (speaking) ko‘nikmalarini mashq qilish — puxta tayyorgarlikning asosi.
O‘qish (reading)
Har kuni 30 daqiqa ingliz tilida o‘qing;
Sizni qiziqtiradigan kitoblar, jurnallar va onlayn maqolalarni toping;
Yangi so‘z va iboralarni lug‘atdan tekshirishdan oldin kontekstdan taxmin qilib ko‘ring.
Yozish (writing)
Tajribangiz va qiziqishlaringiz (masalan, sayohat, hobbilar) haqida kichik insholar yozing;
Yozishda o‘rgangan yangi lug‘atdan foydalaning;
Yangilik maqolasi yoki qisqa hikoyani ingliz tilida qisqa bayon qiling;
Qo‘shiqlarni tinglash/kino ko’rish, imkon qadar undagi ko‘proq yangi so‘zlarni yozib chiqing.
Tinglash (listening)
Ingliz tilidagi qo‘shiqlar, teleko‘rsatuvlar va yangiliklar dasturlarini tinglang/ko‘ring;
Ingliz tilining turli aksentlariga o‘rganing;
Audioni qayta-qayta tinglab, birinchi marta tushunmagan detallarni ilg‘ab olishga harakat qiling.
Gapirish (speaking)
O‘zingiz bilan ingliz tilida gaplashib, ishonch va talaffuzni mashq qiling;
Suhbat (conversation) klubiga qo‘shiling;
Oila a’zolari, do‘stlar yoki hamkasblardan vaqti-vaqti bilan 15 daqiqa inglizcha suhbatga ko’ndiring.
8. IELTS testining formatini o‘rganing
Har qanday testdan oldin uning tuzilishini bilish eng to‘g‘ri yondashuvdir. Shuning uchun IELTSga tayyorgarlikning muhim qismi — har bir bo‘limda nimalar so‘ralishini, topshiriq turlarini va ularni bajarish usullarini puxta o‘rganishdir.
9. Ilovalardan maksimal darajada foydalaning
British Council turli ko‘nikmalarni mashq qilish yoki qanday o‘qish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar beradigan ko‘plab ilovalarga ega. Masalan, bepul Learn English Podcast va Learn English Videos ilovalari.
Ilovalarda grammatik maslahatlar, viktorinalar, mashqlar va namunaviy savollar kabi ko‘plab faoliyatlar bor — demak, zerikmaysiz!
10. Sinov (mock) testlar bilan mashq qiling
Bu sinov testlarini vaqt cheklovi bilan, haqiqiy imtihon davomiyligini taqlid qilgan holda bajarish juda muhim. Bunday yondashuv test kuniga yanada yaxshi tayyorlanishga yordam beradi.
Samarali IELTS uchun mo’ljallangan kitoblardagi mashqlarni ishlagan yaxshi. Mashq testlarini tugatgach, javoblaringizni namunaviy javoblar bilan solishtirishingiz mumkin. Ularda turli javoblar qanday baholanishini tushunishga yordam beradi.
Yodingizda bo‘lsin, yaxshi tayyorgarlik IELTSda muvaffaqiyat kalitidir. Ko‘nikmalaringizni rivojlantirib, ishonchingizni oshirsangiz, yuqori ballarga erishishingiz mumkin.




