O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo’shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, asosiy o‘zgarishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlaridan o‘zining, farzandlarining hamda 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining (erining yoki xotinining) professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun to‘lovlariga daromad solig‘i solinmaydi;
— avvalgi tartibdagi “o‘zining, shuningdek, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining)” degan soʻzlar “o‘zining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan erining (xotinining)” degan soʻzlar bilan o‘zgartirildi. Bu o‘zgarish imtiyozlardan foydalanish doirasini aniqroq belgilaydi;
— soliq chegirmasi jismoniy shaxsga — ta’lim oluvchiga, uning ota-onalariga, shuningdek, agar to‘lov ta’lim oluvchi yigirma olti yoshga to‘lguniga qadar amalga oshirilgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘iga (eri yoki xotiniga) ham beriladi.
