AAUW International Fellowships: AQSHda magistratura va PhD bosqichida tadqiqot olib borish uchun 25 000 dollargacha grant

AAUW International Fellowships: AQSHda magistratura va PhD bosqichida tadqiqot olib borish uchun 25 000 dollargacha grant

AAUW International Fellowship – grant dasturi AQSH fuqarosi yoki doimiy rezidenti bo‘lmagan ayol-qizlarning AQSH dagi akkreditatsiyalangan oliy ta’lim/tadqiqot muassasasida magistratura va PhD ta’limini olishi hamda tadqiqot o‘tkazishini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Dasturga allaqachon AQSH da o‘qiyotganlar ham, endi o‘qishga topshirmoqchi bo‘lganlar ham ariza topshirishi mumkin.

 

 

Bunda nomzodlar dasturga o‘zlarining o‘qish rejasi (study plan) yoki tadqiqot rejasini (research plan) taqdim etishi kerak.

 

Grant kimlar uchun?

 

Grant magistratura, doktorantura kurslari yoki postdoktorlik tadqiqoti uchun xotin-qizlarga beriladi.

 

Grantning manfaatli jihatlari:

 

Grant qanday dasturga belgilanishidan kelib chiqib quyidagicha miqdorda bo‘ladi:

 

 

Magistratura kursi uchun yillik – 20 000 AQSH dollar grant

 

Doktorantura (PhD) kursi uchun yillik – 25 000 AQSH dollar grant

 

 

Grant 1 yil muddatga beriladi. 5 tagacha magistraturada o‘qiyotgan g‘oliblar uchun grant 2-yilga ham uzaytirilishi mumkin.

 

 

Yuqoridagi summa quyidagicha xarajatlar uchun ishlatilishi mumkin:

 

 

– ta’lim xarajatlari;

 

– yashash xarajatlari;

 

– farzand parvarishi xarajatlari;

 

– professional uchrashuvlar, konferensiyalar yoki seminarga safar qilish uchun, bunday safarlar xarajati grant summasining 10 foizidan oshib ketmasligi kerak.

 

 

Talablar:

 

Nomzodlarga qo‘yilgan umumiy talablar quyidagilardan iborat:

 

– Grantlar faqat ayol-qizlarga beriladi;

 

– Nomzod AAUW tashkilotining shu va boshqa grantlarini avval qo‘lga kiritmagan bo‘lishi kerak;

 

– Nomzod ariza topshirish vaqtida AQSH dagi OTMning magistrlik yoki PhD bosqichiga to‘liq o‘qish (full-time) asosida qabul qilingan bo‘lishi kerak;

 

– Bundan oldin ariza topshirgan, lekin yuta olmaganlar qayta topshirishi mumkin;

 

– Kamida bakalavrlik diplomiga ega bo‘lish lozim. Bunga GPA (baholarning o‘rtachasi) 4 lik kamida 3.5 bo‘lishi talab etiladi;

 

– Nomzod AAUW kengashi a’zosi yoki xodimlaridan biri bo‘lishi mumkin emas;

 

– Ingliz tilini bilish darajasini isbotlovchi hujjat topshirish talab etiladi (IELTS 6.5 yoki shunga teng boshqa xalqaro ingliz tili darajasi);

 

– Grant to‘liq bir yil davomida tadqiqot olib borish uchun beriladi. Bir yildan kam bo‘lgan tadqiqot/o‘qish muddati uchun grant ajratilmaydi. Bunda tadqiqot 2026-yil 1-sentyabrdan yoki undan oldin boshlanishi va 2027-yil 30-aprel yoki undan keyin yakunlanishi kerak.

 

– Onlayn (masofaviy) o‘qitiladigan kurslar uchun grant berilmaydi.

 

 

Muhim: Yuqoridagi talablar umumiy tarzda keltirilgan. Talablar bilan bu yerda to‘liq tanishishingiz mumkin.

 

Dasturga qabul jarayoni

 

Dasturga arizalar 2025-yil 1-avgustdan 30-sentyabrga qadar topshirilishi mumkin. Hujjat topshirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 

 

1. AQSHda joylashgan, akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktorantura kursiga ariza topshiring. Grantga hujjat topshirish vaqtida o‘qishga qabul qilinganingiz haqida ma’lumotnoma (qabul xati) talab etiladi;

 

2. Yuqoridagilar bajarilgach, AAUW International Fellowship dasturiga alohida ariza yuboring. Ariza topshirish uchun havola qabul ochilganida bu sahifaga joylanadi. Kerakli hujjatlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishing (Application requirements).

 

 

Grant belgilangan nomzodlar ro‘yxati 2026-yil 15-aprelida e’lon qilinadi.