Alfa avlodi mehnat bozorini qanday o’zgartiradi?

Alfa avlodi mehnat bozorini qanday o’zgartiradi?

Bugungi kunda 2010 yildan 2024 yilgacha tug‘ilgan yoshlar alfa avlodi deb nomlanadi. 2025 yilga kelib ularning eng kattasi 15 yoshda bo‘ladi, ammo ular hozirning o‘zidayoq jamiyat va iqtisodga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Avstraliyalik demograf Mark MakKrindl olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, alfa avlodi ota-onasining xarid qarorlariga ta’sir o‘tkazmoqda, ommaviy axborot makonini shakllantirmoqda va yangi iste’molchi tendensiyalarini belgilamoqda.

 

 

Dunyo bo‘ylab alfa avlodiga mansub odamlar soni 2 milliardga yaqin. Whop platformasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, bu avlodning 70 foizdan ortig‘i bloger bo‘lishni yoki video o‘yinlar yaratish orqali daromad topishni xohlaydi. Faqat kam sonli yoshlar an’anaviy kasblar – muhandislik yoki tibbiyot sohalarida ishlashni rejalashtirmoqda.

 

 

Mark MakKrindlning ta’kidlashicha, alfa avlodining qariyb 65 foizi hozirda mavjud bo‘lmagan yangi kasblarda faoliyat yuritadi. Ular raqamli dunyoga chuqur kirib borishgan – ko‘proq kontent yaratadi, dasturlashga katta qiziqish bildiradi. Raqamli texnologiyalar ular uchun aloqa vositasi emas, balki o‘zini ifodalash, ijod qilish vositasidir.

 

 

Alfa avlodi ilk bor 2031 yildan boshlab mehnat bozoriga kiradi. AQSh Mehnat Statistikasi Byurosining prognozlariga ko‘ra, aynan shu yilda IT, muhandislik va matematikaga oid ish o‘rinlari soni 11 foizga oshadi. Ayniqsa, sun’iy intellektni o‘qitish, unga so‘rovlar yozish bilan shug‘ullanuvchi muhandislar kabi kasblar ommalashishi mumkin.

 

 

“Alfalar yangi texnologiyalarni chaqqonlik bilan o‘rganadi. Ammo tezlik evaziga ular ko‘pincha masalani yuzaki tushunadi. Ish beruvchilarga bu vaziyatga moslashish yoki ularni chuqur o‘ylashga o‘rgatish qoladi. Ish jarayonlarini mayda vazifalarga bo‘lib topshirishga to‘g‘ri keladi. Chunki Alfalar klasterli fikrlashga o‘rgangan. Uzoq vaqt bir narsaga diqqatni jamlay olmaydi,” — deydi mutaxassislar.

 

 

MakKrindl tadqiqotiga ko‘ra, bolalarning 90 foizi bir yoshga to‘lmasdan sensorli qurilmalardan foydalanishni boshlaydi. Alfa avlodi “ekranlar avlodi” deb ataladi. Ular texnikani yoshligidan o‘rganadi.

 

 

Alfa avlodi internetdan oldingi davrni umuman bilmaydi. Ularning ilk o‘yinchoqlari — smartfon va planshet. Shu bois ular har qanday yangi texnologiyani tezda tushunadi va ishlata oladi.

 

 

“Ehtimol, ularga empatiya qilish qiyinroq bo‘ladi. Lekin texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan ishlash oson bo‘ladi. Ularning ijodkorligi SI bilan hamkorlikda namoyon bo‘ladi. Trendlar yaratadi va ularga ergashadi,” — deydi ekspertlar.

 

Alfa avlodi raqamli savodxonligi bilan ajralib turadi. Ular yangi texnologiyalarni hatto trendlardan tezroq o‘zlashtiradi. Sun’iy intellekt ular uchun oddiy vosita. Xuddi millennialar uchun kalkulyator kabi. Shu sababli ular eskirgan ish usullarini yoqtirmaydi. Agar biror ishni avtomatlashtirish mumkin bo‘lsa, ular qo‘lda ishlashni istamaydi. Zamonaviy raqamli infratuzilma ular uchun juda muhim. Aynan ular ish jarayonlarini optimallashtirish uchun texnologiyalarni faol joriy etadi.

 

 

Alfa avlodi – bu texnologiyalar bilan ulg‘aygan, raqamli savodxonligi yuqori, kreativ fikrlovchi va yangi dunyo me’yorlariga tayyor yoshlar. Ular mehnat bozoriga katta o‘zgarishlar olib keladi. Biroq bu o‘zgarishlarga biznes ham tayyor bo‘lishi, eski yondashuvlardan voz kechib, yangiliklarni tez qabul qilishi kerak bo‘ladi.