Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan.
Qarorga ko’ra, 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan maktab direktorlariga 50 foiz, maktab direktori oʻrinbosarlariga 30 foiz ustama toʻlanishi belgilangan.
Hozirda menejerlik oʻquv kurslari “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida tashkil etilmoqda.
Direktor hamda uning oʻrinbosarlariga menejerlik sertifikati uchun ustama toʻlash toʻgʻrisidagi norma 2023-yil 25-dekabrda kuchga kirgan. Shu bois, oʻtgan yillar davomida yuqoridagi nizomda nazarda tutilmagan turli xil menejerlik kurslarida oʻqib, sertifikat olgan xodimlarga mazkur ustamalar toʻlanmaydi.
Birinchidan, 2023-yil 25-dekabrgacha direktor va uning oʻrinbosarlariga menejerlik oʻquv kurslari tashkil qilinmagan. (2023-yilning 5-27-iyun kunlari tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan menejerlik kurslari bundan mustasno)
Ikkinchidan, direktor hamda oʻrinbosarlarga faqatgina Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tashkil etilgan menejerlik kurslarida oʻqib, sertifikat olgan taqdirda ustama toʻlanadi.
Mazkur ustamani olish istagida boʻlgan rahbar xodimlar A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida joriy qilingan menejerlik oʻquv kurslarida oʻqishi hamda menejerlik sertifikatini olishi kerak boʻladi.
