Fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart — Prezident

Fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart — Prezident

Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi bo’lib o’tmoqda.

 

 

Unda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash va agentlik tashkil qilindi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

 

 

Shuningdek, ta’lim masalasi haqida to’xtalib o’tilgan. Avval, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgan. Ushbu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaygan.

 

 

Oliy taʼlimda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaygan.

 

“Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bogʻliq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”, – dedi Prezident.

 

Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida oʻgʻil-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu gʻoyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi taʼkidlangan.

 

Rektorlar esa talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yoʻlga qoʻyishi zarur. Umuman, “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan gʻoya asosida Yangi Oʻzbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratilsa, ayni muddao boʻlishi taʼkidlangan.