Zulfiya mukofoti sovrindori, xonanda Shirin Abdullayeva vafot etdi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda “Oʻzbekkonsert” maʼlum qilgan.
Shirin Abdullayeva 2005-yil 14-dekabrda Namangan viloyati Namangan shahrida tugʻilgan. 2023-yilda u sanʼat yoʻnalishi boʻyicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning “Loʻli”, “Metro”, “Bezori” va boshqa qoʻshiqlari YouTubeʼda millionlab marta koʻrilgan.
Abdullayeva Pekindagi Sinxua universitetida Ijtimoiy fanlar yoʻnalishida oʻqiyotgan bo’lgan va 2024-yilda oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirgan. Universitet Abdullayevani “Oʻzbekistonning Xitoydagi madaniyat elchisi” deya taʼriflagan.
Shirin Abdullayeva, shuningdek, 2021-yilda Rossiyaning NTV kanalidagi mashhur telekoʻrsatuv — “Tы — Super!” ishtirokchisiga aylangan va yarim finalgacha borgan.
Shirin Abdullayevaning vafoti haqida yozilgan postlarda uning vafoti sababi soʻralarkan, mualliflar “Kasal edi” deya javob berishgan.
“Shaolin jang sanʼatini oʻrgangan. Rus, xitoy, ingliz tillarini mukammal egallagan. Bir qator kinolarda rol ijro qilgan. Kliplari internetda ancha tanilgan. Xitoy universitetida 100 foizli grant bilan oʻqiyotgandi… Begʻubor qiz edi. Hamkorlikda qoʻshiqlar yaratgandik”, — deya taʼziya bildirgan xonanda ijro etgan bir nechta qoʻshiqlarning soʻzlari muallifi, shoir Bobur Bobomurod.



