OpenAI kompaniyasi ChatGPT Projects deb nomlangan yangi funksiyani taqdim etdi. Bu funksiya ChatGPTdagi suhbatlarni yaxshiroq tartibga solishga yordam berishga qaratilgan.
OpenAIning “12 Days of OpenAI” tadbiri davomida eʼlon qilingan ChatGPT Projects funksiyasi foydalanuvchilarga bogʻliq suhbatlar, fayllar va shaxsiy koʻrsatmalarni maxsus loyihalarga birlashtirish imkonini beradi. Bu esa hozirgi ishlar va boshqa foydalanuvchilar bilan hamkorlikni osonlashtiradi.
Loyiha doirasida foydalanuvchilar ChatGPTning qidiruv va xolst funksiyalaridan tezkor axborot topish va gʻoyalarni vizualizatsiya qilish uchun foydalanishlari mumkin. Loyihalarni ChatGPT veb-interfeysi yoki Windows uchun moʻljallangan desktop ilova orqali yaratish mumkin. Yaqin kelajakda mobil platformalar va macOS uchun ham qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
ChatGPT xolsti — gʻoyalarni tushuntirish, koʻrsatish va tartibga solish uchun qulay virtual maydon.
Hozirda ChatGPT Projects butun dunyo boʻylab ChatGPT Plus, Pro va Team foydalanuvchilari uchun mavjud. Enterprise va Edu foydalanuvchilari yanvar oyida ushbu funksiyadan foydalanish imkoniga ega boʻladilar. Bepul foydalanuvchilar ham tez orada ushbu funksiyadan foydalanishlari mumkin boʻladi.
Ammo, hozircha, ChatGPT Projects faqat GPT-4o modelini qoʻllab-quvvatlaydi. Bunda o1 seriyasidagi modellardan foydalanilayotgan mavjud suhbatlar loyihalarga tashkil etilganda avtomatik ravishda GPT-4o ga oʻtkaziladi. Bu o1 seriyasidagi modellar hozircha fayllarni yuklash va shaxsiy koʻrsatmalarni qoʻllab-quvvatlamasligi bilan bogʻliq. Biroq, OpenAIning mahsulotlar boʻyicha direktori kelajakda o1 seriyasiga ham qoʻllab-quvvatlash qoʻshilishini tasdiqladi.
Bundan tashqari, OpenAI soʻnggi mobil ilovalarda Advanced Voice imkoniyatlariga video, ekran va rasm yuklash funksiyasini ham kiritmoqda. Bu ChatGPT bilan suhbatni yanada interaktiv va dinamik qilib, foydalanuvchilarga vizual maʼlumotlar bilan boʻlishish va kontekstli javoblarni olish imkonini yaratadi.