Saida Mirziyoyeva an’anaga ko‘ra, yil yakunida Prezident administratsiyasida O‘zbekistonning navqiron va bilimdon o‘g‘il-qizlari bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegramʼdagi kanaliga yozib qoldirdi.
Ta’kidlanishicha, 2023/24 o‘quv yilida bu yoshlar – maktab o‘quvchilari nufuzli olimpiadalarda ajoyib natijalarga erishgan — 128 ta medal, jumladan, 15 ta oltin, 36 ta kumush va 77 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, ularning ko‘pchiligi asosan kimyo, matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha ustunlik qilib, e’tirofga sazovor bo‘lgan.
«Bu O‘zbekiston tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘lib, bundan barchamiz cheksiz faxrlanamiz. Yosh qahramonlarimizni chin qalbimdan tabriklayman, bildirilgan ishonch va qo‘llab-quvvatlash uchun esa ustozlar hamda ota-onalarga minnatdorlik izhor etaman. Bu muvaffaqiyat g‘alabalarga to‘la katta yo‘lning boshlanishi bo‘lsin. O‘zbekiston kelajagi yoshlar qo‘lida», — deb yozadi prezident yordamchisi.
Bundan avval, 15 noyabr kuni Saida Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashgan edi. O‘shanda prezident yordamchisi uchrashuv davomida ochiq va samimiy muloqot bo‘lib o‘tganini ta’kidlagandi.