Mehnat kodeksining 367-moddasiga asosan malaka oshirish deganda xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik boʻyicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va koʻnikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.
Oʻz navbatida, Mehnat kodeksining 280-moddasi (ish beruvchining xodimga kafolatli toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati)ga koʻra, ish beruvchi xodimga xodim ishdan ajralgan holda oʻzi va ish beruvchi uchun majburiy boʻlgan qayta tayyorlashdan yoki majburiy malaka oshirishdan oʻtgan davr uchun kafolatli toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
Shu kabi qoida Mehnat kodeksining 286-moddasi (ish beruvchining xodimga kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish majburiyati)da ham quyidagicha belgilab qoʻyilgan:
– xodim ish beruvchining yoʻllanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtganda xodimga uning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlarni ish beruvchi kompensatsiya qilishi shart.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 290-moddasiga binoan agar ish beruvchining yoʻllanmasi boʻyicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtishi boshqa joyga koʻchishni talab qilsa, xodimga oʻqish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining oʻrni qoplanadi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1026-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan buyurtmaga kiritilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun oʻqishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Ularning oʻquv yuklamasi esa boshqa aʼzolar oʻrtasida taqsimlanishi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, xodim malaka oshirishda boʻlganda uning oʻrtacha ish haqi toʻlab berilishi shart.
Manba: Yurist maslahati