Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Majlisda so‘z olgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi deb yozadi xalqtaliminfo.uz
Alisher Qodirovning aytishicha, ta’lim tizimiga juda katta mablag‘ ajratilishiga qaramay, undan samarali foydalanilmayapti. Shu sababli, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘qituvchilarning maoshiga rejalashtirilgan 50 trillionga yaqin mablag‘ kutilgan natijani beradimi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.
“Ta’lim tizimiga juda katta mablag‘ ajratilayotgani juda to‘g‘ri va biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ta’lim va tarbiya tizimida islohotlarda muvaffaqiyatga erishmasak, oddiy barqaror rivojlanish maqsadlarimizga ham erisha olmaymiz. Shu sababli bu juda muhim.
Lekin, 50 trillionga yaqin o‘qituvchilarning maoshiga rejalashtirilgan mablag‘dan biz kutgan natijaga erisha olamizmi yoki yo‘qmi, degan savolni biz qo‘ydik.
Bu savolni doimo maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga qo‘yamiz. Lekin kecha biz uni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga qo‘ydik. Aytdik, o‘qituvchining faoliyatini samaradorligini o‘lchash uchun birorta tizimimiz bormi? Biz yaxshi o‘qituvchiga ko‘p oylik, yomon ishlayotgan o‘qituvchiga esa kam oylik berish orqali maktabda o‘qituvchining raqobat tizimini yarataylik.
O‘qituvchi bolalarimizga yaxshi bilim bersin, yaxshi bilim berayotgan o‘qituvchiga ko‘p oylik beraylik, raqobatbardosh bo‘lmagan o‘qituvchi kam oylik olib, tizimdan chiqib ketishiga ham rozimiz. Bizning farzandlarimiz eng yaxshisiga munosib, aynan shu sababli ajratilayotgan mablag‘ga e’tirozimiz yo‘q, ammo uning samaradorligini oshirish bo‘yicha tizim ishlab chiqish masalasida vazirlikka taklifimiz kirdik”, – degan Alisher Qodirov.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov to‘garaklar uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar masalasiga ham alohida to‘xtalib, bu borada ham yondashuvni o‘zgartirish lozimligini ta’kidlagan.
“Maktablarda to‘garaklar uchun 500 milliardga yaqin mablag‘ ajratilyapti. Bu to‘g‘ri masala, lekin u yerda yondashuvni o‘zgartirish kerak. U faqat kambag‘al oilalar yoki iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalar farzandlari uchun to‘garak bo‘lishi kerak emas.U maktab tizimida to‘garak bo‘lishi, davlat byudjetidan moliyalashtirilishi, maktabning o‘zida bolalarimiz uchun sport, texnik va til to‘garaklarini tekin qilib, davlat budjetidan moliyalashtirish juda to‘g‘ri. Bunga kengroq yondashish orqali bu mablag‘larni barcha maktablarda joriy qilinishi fikrini taklif qildik. O‘ylaymanki, bu masalada ikkinchi o‘qishda bir to‘xtamga kelamiz”, – dedi Qodirov.
Ma’lumot! 2025-yilda maktabgacha va maktab ta’limi sohasi tashkilotlari xarajatlari uchun jami 59 trln so‘m mablag‘ ajratilishi reja qilingan.
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining 2024-yilgi budjeti esa jami 46,6 trillion so‘m bo‘lib, uning 84,7 foizi yoki 36 trillion so‘mi (oyiga 3 trillion so‘m) ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Muhim! 2024-yil yanvar-sentyabr holatiga ko‘ra pedagoglarning o‘rtacha ish haqi 3 mln 484,7 ming so‘mni tashkil etib, ular boshqa soha xodimlariga qaraganda eng past maosh olishadi.