Xabaringiz bor, joriy yilning 2-3-5-6-noyabr kunlari ona tili va adabiyoti fanidan Milliy sertifikat olish va pedagoglar attestatsiyasi test sinovlari oʻtkazildi.
Lekin ijtimoiy tarmoqlarda 28-30-oktyabr kunlarida “X variant” nusxalar tarqalgani odamlar orasida norozichilikni yuzaga keltirgan.
Tahririyatimizga kelgan murojaatlarga koʻra, turli xil kanallar orqali “X variant” biznesi avj olganini bildirishgan.
Test savollari tarqalib ketgan (mi)?
“Test savollari hamma joyda chiqib ketgan. Men farzandimni imtihondan chiqishini kutib oʻtirganimda oldimdagi ota-onalar Davron Akbarning kitobidan tushayotgan ekan deb aytib qolishdi. Farzandim imtihondan chiqqach, xuddi shu kitobdan aynan shu savollar tushdi deb tasdiqladi. Baʼzi ota-onalar test savollarining xar birini 20mingdan sotib olishganini aytishdi. Onlayn tayyorlangan oʻquvchilar esa ustozimiz aytgan savollari tushdi deb xursand chiqishdi”, — dedi murojaatchi.
“Mana yana bir asos. Essega tushishi mumkin boʻlgan minglab mavzular boʻlgan paytda imtihondan 2 kun oldin aynan shu mavzuni ehtimoliy deb olishdi va aynan shu esse mavzusi imtihonda tushdi. Buni imtihondan oldin ehtimoliy deb aytish uchun inson AVLIYO boʻlishi kerak-ku”, — dedi murojaatchi.
“Men farzandimni imtihondan keyin qanchalik siqilib, yigʻlashini koʻrib chiday olmaganim uchun yozdim. Sababi men 19 yoshidagi farzandimni yoʻqotib boʻzlab yigʻlab qolgan bir onaman. Farzand dogʻini hech bir inson koʻrmasin. Menga farzandimni sogʻligʻi 1-oʻrinda. Aslida meni hech kimga gʻaraz niyatim yoʻq. Ammo pul topaman deb oʻz manfaati yoʻlida hech narsadan tap tortmaydigan insonlardan xafa boʻlaman.
Milliy sertifikat olish uchun kechani uxlamay bedor oʻtkazib, dars tayyorlayotgan yoshlarga rahmim keladi. Prezidentimiz yoshlarni qoʻllab-quvvatlab turgan bir paytlarida noinsoflarning bu ishi toʻgʻri emas. Ularning ham farzandlari xuddi bizni farzandlarimiz kabi qiynalmaydimikan?”,— dedi ishtirokchilardan birining onasi.
“Test savollaridan faqat bir marta foydalaniladi” – agentlik izohi
Bu masala boʻyicha Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi Zohid Shakarov bilan bogʻlandik. Agentlik vakili esse mavzulari tarqalgani haqidagi maʼlumotlarni rad qildi.
“Savollarda Rash modeli yordamida variantlarni bir-biriga bogʻlash jarayonida avvalgi foydalanilgan savollar ham tushib qolishi mumkin. Lekin toʻliq variant keyingi imtihonlarda foydalanilmaydi.
Faqat Rash modeli boʻyicha baholangandan keyin variantlarni tengsizligini taʼminlash uchun oldingi savollardan 2-3 tasi tushib qolishi mumkin. Agar savollar tarqalib ketdi degan narsa rostan boʻlganida shov-shuv boʻlar edi. Bizga murojaat qilishgan boʻlardi, lekin unday holat hali boʻlmadi”, – dedi Zohid Shakarov.
Taʼkidlanishicha, milliy sertifikat imtihonlari uchun tayyorlantirayotgan oʻqituvchilar ham shular asosida mavzu shakllantirib oʻqitgan boʻlishlari mumkin. Esseda ham shunday dolzarb mavzulardan foydalanilgan, vaziyatga munosabatlari hamda qarashlari soʻralgan, lekin aynan birga bir tushgan holatlar koʻzga tashlanmagan.
“Agar haqiqatan ham avvalgi imtihonlardagi savollar takrorlangan boʻlsa huquqiy organlarga murojaat qilishlari mumkin”, – deya qoʻshimcha qildi Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi.
“Meni ayblamang” – kitob muallifi munosabat bildirdi
Ushbu jarayonlarga ota-onalar tomonidan testlar tushayotgani iddao qilinayotgan kitob mualifi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan testlar avvalgi yillarda [yanvar-fevral] guruhidagi materiallar ekanligini qayd etgan.
“Meni ayblamang. Oʻqituvchi imtihondan 4-5 soat oldin qoʻlida qanday yordam boʻlsa, bolasiga berishga harakat qiladi. Agar faqat yodlatish maqsadimiz boʻlganda ertaroqda tashlab berib yodlatardik. Bundan tashqari siz koʻrgan rasmdagi barcha testlar “Milliy sertifikat” kitobida turibdi. Kitobdagi testlar ixcham qilib, guruhga joylangan.
Eng asosiysi, biz testlarni kimgadir pullamadik. Ehtimoliy tushib qolsa, deb tashlab berdik. Tushmasa ham hech narsa oʻzgarmas edi. Biz imtihonda tushadigan testlarni beramiz deb ham onlayn kurs ochmadik. Oxirida yordam tariqasida berildi va mabodo tushib qolsa deb ogohlantirdik.
Biz doim imtihon oldidan ehtimoliy tushishi mumkin boʻlgan testlarni va mavzularni kanalimizda aytib boramiz. Shunda ham ehtimoliy deymiz.
Istalgan oʻqituvchi 3 oylab oʻqitgan oʻquvchilariga yordam beradi. Xas ustida tursa ham, nimanidir ilinadi. Biz biznes qilmadik va bu borada omma uchun ochiqmiz”, — deyiladi munosabatda.
“Oʻzingizni oppoq koʻrsatishni bas qiling!” – jamoatchilik vakillari nima deydi?
Ayni paytda ushbu jarayonlarga munosabat bildirayotgan jamoatchilik vakillari Bilim va malakalarni baholash agentligini milliy sertifikat imtihonlaridagi testlar testologlar tomonidan emas, repetitorlar tomonidan tuzilganini taʼkidlashmoqda.
“Assalomu alaykum, hurmatli milliy sertifikatga tayyorlovchi, endi esa “vijdon, insof, tozalanish” haqida bong urayotgan “gigant”lar. Asli,siz, shu “shoqollar”ning boshida turibsiz!
“Sen oʻqitasan, qolganlar pul bilan olsa, alam qiladi” deb boʻlgan ishning “orqasini shuvab” qoʻyayotganlar, siz ham kamida 2-noyabr kuni manba qayerda ekanligini anglab, oʻquvchilaringizni qorilikka boshlagan edingiz. Manba esa kimlarningdir “mualliflik” kitobi.
(Iltimos, oʻzingizni oppoq koʻrsatishni bas qiling.)
Yoki butun boshli BMBA da testolog qolmay repetitorlar tuzib ommaga eʼlon qilgan kitobdan test “oʻgʻirladi”. Mualliflik huquqi talab qilindimi? Gonorar olindimi?
Hamma jim…
Hurmatli “testologlar” kitobingizdan test olingani mutlaq “tasodif”mi yoki “X variant” bu kitoblar edimi? Balki, kitob sotuvi va narxni oshirish maqsaddir. Ehtimollar koʻp…”, — deyilgan xabarda.
Taʼlim xabarlari sayti ushbu masala boʻyicha mutasaddilar tomonidan bildiriladigan qoʻshimcha izohlar uchun ochiq. Vaziyatni oʻrganishda davom etamiz.