Maktab va bogʻchalarda “temiratki” kasalligi ommaviy tarqalgani rad etildi. Shuningdek, mutaxassis soʻzlariga koʻra, bu oʻta xavfli kasalliklar toifasiga kirmaydi va uni davolash uchun preparatlar yetarli. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori Egamberdi Eshboyev maʼlumot berdi.
Ma’lumotlarga ko’ra, trixofitiya yoki xalq tilida “temiratki” deb nomlangan kasallik Oʻzbekistonda koʻpayib ketgani yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda tarqalgan xabarlar asossiz. Shuningdek, bu kasallik kecha yoki bir kunda paydo boʻlmagan, u uzoq vaqtdan beri bor. U oʻta xavfli kasalliklar toifasiga kirmaydi.
“Trixofitiya kasalligining manbasi baʼzan hayvonlar boʻladi. Bolalar hayvonlar bilan muloqotda boʻlganda yoki qassoblar kasallikni yuqtirib olishi mumkin. Uning asosiy belgilari terida ozroq toshma chiqadi. Hozirgi kunda bu kasallikni davolashga moʻljallangan yuzdan ortiq preparat bor va ularning hammasi bizda yetarli. Kasallikning diagnostikasi ham murakkab emas. Umumiy amaliyot shifokori ham bunga tashxis qoʻya oladi. U oʻta xavfli kasalliklar toifasiga kirmaydi”,- deydi Egamberdi Eshboyev.