Texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturi bo’lgan Angliyaning “BTEC” tizimi yoʻlga qoʻyilishi haqida xabar bergan edik.
Dastlab, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi.
Xo’sh, texnikumlarda “BTEC” dasturi joriy qilinishi qanday samara beradi?
Pirson yetakchi xalqaro taʼlim tashkiloti boʻlib, dunyo boʻylab 784 ta markazga ega va uning 90 foiz bitiruvchisi ish bilan taʼminlanadi. Texnikumlarda oʻqish muddatlari va davomiyligi kasb murakkabligi va oʻquvchining taʼlim darajasiga qarab belgilanadi. Masalan, “Ekspeditor” kasbi boʻyicha 9-sinf bitiruvchisi 3-yil oʻqisa, 11-sinf bitiruvchisi – 2-yil oʻqiydi.
Oʻz navbatida turli darajadagi kasbiy taʼlim dasturlarining oʻzaro muvofiqligi va uzviyligi taʼminlanadi, yaʼni oʻzlashtirilgan modullardan kelib chiqib taʼlim dasturlarining oʻqitish muddatlari belgilanadi. Oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarining bitiruvchilari oʻzlashtirgan modullari, toʻplangan kreditlari va oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar oʻrtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning muayyan bosqichidan oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Texnikumlarning mustaqilligi kengaytiriladi va ular ish beruvchilar talabi asosida fanlar soni va soatlarini 30 foizgacha oʻzgartirish va qoʻshma dasturlarni joriy qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Texnikumlar buyurtmachilar bilan kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash boʻyicha shartnomalar tuzish, ushbu dasturlarning qabul parametrlari, taʼlim tili va qiymatini mustaqil belgilaydi. Shuningdek, texnikumlarga mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish, tushgan pullar hisobidan oʻzining moddiy holatini yaxshilash, oʻquvchilar va pedagoglarni ragʻbatlantirish huquqi berilmoqda.
Xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator ishlar amalga oshiriladi. Xususan, dasturlar sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda tajriba tariqasida 12 ta kvalifikatsiya boʻyicha Pirson kompaniyasining “BTEC” dasturi joriy qilinadi.
Har bitta texnikumda “BTEC” dasturi boʻyicha alohida boʻlim tashkil etiladi. Boʻlim xodimlari Pirson kompaniyasi bilan hamkorlikda dastur joriy qilinishini toʻliq muvofiqlashtirib boradi. “BTEC” dasturi joriy qilingan muassasalarga toʻliq akademik mustaqillik beriladi.
“BTEC” dasturlarini amaliyotga kiritish natijasida 180 nafar pedagogning malakasi oshiriladi va yiliga 1 ming 680 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi va 200 dan ortiq xorijiy universitetga kirish imkoni yaratiladi.
Natijada, rivojlangan davlatlardagi malakali va yuqori daromadli ish oʻrinlariga yuborilgan muhojirlarning koʻlami oshadi. “BTEC” dasturlarini joriy qilish natijasidan kelib chiqib, ushbu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi.
Oʻqitish jarayoniga ish beruvchilar keng jalb qilinadi. Hozirgacha qabul parametrlari va taʼlim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida emas, balki taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilar va mavjud asbob-uskunalardan kelib chiqib shakllantirilib kelinayotgani bois muayyan hududlarda muayyan oʻrta boʻgʻin kadrlarga ehtiyoj boʻlsada, oʻsha hududda joylashgan texnikumda ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmaganini kuzatish mumkin.
Bu holatni bartaraf etish maqsadida qabul parametrlarini shakllantirish boʻyicha elektron platforma yaratiladi, barcha vazirlik va ish beruvchilar unga ulanadi. Texnikumlarning taʼlim dasturlari tarmoq kengashlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan soʻng amaliyotga kiritiladi.
Bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi ish beruvchilar va uyushmalar vakillari ishtirokida amaliy imtihon shaklida oʻtkaziladi. Proftaʼlim muassasalarida oʻquvchilar bilimini yakuniy baholash asosan muassasadagi xodimlardan tashkil topgan komissiya tomonidan oʻtkazilishiga barham beriladi.
Proftaʼlim muassasalarini adabiyotlar va jihozlar bilan taʼminlash hamda oʻquv jarayonini raqamlashtirish maqsadida alohida Jamgʻarma tashkil etilmoqda. Bunda Jamgʻarmaga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasidan 50 milliard soʻm va Davlat byudjetidan 2025-yilda 50 milliard soʻm ajratiladi.