Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2024-yil 17-martda o‘tkazilgan o‘zbek tili va adabiyot fanidan bilish darajasini baholashga qaratilgan test sinovi hamda foydalanilgan test topshiriqlari muhokamasiga oid fikrlar ham jamoat e’tiborini tortdi.
Xususan, o‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha bildirilgan fikrlarga agentlik rasmiy munosabat bildirdi.
“Esse yozish jarayonida buyuk shaxsdan iqtibos keltirilishi kerakligi borasida, shuningdek, so‘zlar soni xususida qatʼiy talab mavjud emas. Lekin talabgor mavzu doirasida o‘z fikrlarini dalillar asosida yoritishi lozim.
Tajribaga ko‘ra, so‘zlar hajmi belgilansa, talabgor o‘z fikrlarini to‘liq bayon etgan bo‘lsa-da, so‘zlar sonini belgilangan talabga yetkazish maqsadida sunʼiy tarzda esseni davom ettirishga majbur bo‘ladi. Esseni tekshirish jarayoni avtomatlashtirilgan bo‘lib, platforma tekshiruvchilarga ixtiyoriy esse (tanlama usulda) talabgorning ism va familiyasi ko‘rsatilmagan holda yuboriladi”, – deyiladi agentlik xabarida.