Endilikda oliy maʼlumotli va davlat tomonidan berilgan maxsus sertifikati borlar psixologik xizmat koʻrsatishi mumkin

Senatning yalpi majlisi: “Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Qonunda psixologik yordam koʻrsatish standartlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy maʼlumotga ega boʻlishi kerakligi nazarda tutilgan.

 

 

Yalpi majlisda maʼruza qilgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Xurshid Fozilov shu haqdagi mulohazalarini bayon qildi.

Bugun soxta psixologlar koʻpayib ketdi. Ular asosan ijtimoiy tarmoqlar, turli jozibador eʼlonlar orqali mijozlar topishga harakat qilmoqda. Biroq oʻz “xizmat”larini taklif etayotganlarning hammasi ham professional va malakali mutaxassislar emas.

Sifatsiz psixologik xizmat esa jamiyat uchun jiddiy xavf. Bu sohada notoʻgʻri maslahat va tavsiyalar nafaqat murojaat qiluvchilar muammolari hal boʻlmasligi, balki ijtimoiy munosabatlar yanada yomonlashishi, hatto oilalar buzilib ketishiga olib kelishi sir emas.

Shu maʼnoda, oʻzini “psixolog”, “professional kouch”, “murabbiy” atab, nom qozonish va moʻmay daromad topish ilinjida mazkur sohaga suqilib kirayotganlardan aholini himoya qilish zarur. Buning oʻrniga, professional psixologlar faoliyatini takomillashtirish va ularni qoʻllab-quvvatlash lozim. Yuqorida tilga olingan Qonun ayni shu maqsadda, xorijiy tajriba, xalqaro amaliyotni chuqur oʻrgangan holda ishlab chiqilgan – deydi Xurshid Fozilov

 

 

Shuningdek, qonunda psixologik yordam koʻrsatuvchi subyektlar doirasi belgilanmoqda (bular davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar yoxud ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar).

Davlat tomonidan bepul psixologik yordam kafolatlanadigan shaxslar toifalari koʻrsatib oʻtilmoqda. Shuningdek, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida psixologik yordam koʻrsatish tashkil etilishi mustahkamlanmoqda.

 

Qonunga koʻra, psixologik yordam koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga psixologiya yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar ega boʻlishi belgilanmoqda.

 

Psixologiyadan boshqa taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar psixologiya mutaxassisligi boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini oʻtaganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni olganidan keyin davlat organlarida, shu jumladan taʼlim tashkilotlarida tegishli psixologik yordam turlarini belgilangan tartibda koʻrsatishga haqli boʻlishi koʻzda tutilyapti.

 

Bundan tashqari,  xususiy tartibda psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanishga Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan psixologlarning jamoat birlashmasi tomonidan malaka sertifikati berilgan psixologlarga ruxsat etilishi qayd etilmoqda.

 

Qonunga asosan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan barcha psixologlar uchun majburiy boʻlgan “Psixologik yordam koʻrsatish standartlari” ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Psixologlarning jamoat birlashmalari psixologlarning odob-axloq kodeksini tasdiqlaydi hamda unga rioya etilishining tizimli monitoringini taʼminlaydi.

 

Shu bilan birga, psixologik yordam koʻrsatish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan psixologik yordam koʻrsatganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры