Toshkent shahridagi o‘quv markazlaridan biriga bosqinchilik qilishni rejalashtirgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar markazda saqlanayotgan katta miqdordagi pulni olib chiqib ketishni rejalashtirgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, shahar IIBB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida mazkur jinoyatning oldi olingan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1995-yilda tug‘ilgan, o‘quv markazining sobiq qo‘riqchisi bo‘lgan shaxs muassasada katta miqdorda pul saqlanishidan xabardor bo‘lgan. U jinoyatni amalga oshirish uchun ikki nafar tanishini ham jalb qilgan.
Gumonlanuvchilar rejasiga ko‘ra, ular niqobda markazga kirib, pulni qoplarga joylashtirishi va ijaraga olingan avtomobilda olib chiqib ketishi kerak bo‘lgan. Rejada binoning elektr ta’minotini uzish va guvohlarni chalg‘itish choralari ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ular jinoyatdan keyin Farg‘ona viloyati orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishni rejalashtirgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchilarni jinoyat amalga oshirilishidan oldin qo‘lga olgan. Ulardan niqoblar, bolg‘a, qoplar, qo‘lqoplar, ratsiyalar, eshik ochish moslamalari va kalit nusxalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uch nafar gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq, 3 yoshli tarbiyalanuvchi qizning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha mudirasi 5 yilga qamalgani haqida xabar bergan edik.
