2027-yildan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari va texnikum o‘quvchilari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Unda yoshlar o‘z ixtisosligiga mos volontyorlik faoliyati bilan ixtiyoriy ravishda shug‘ullanishi mumkin.
Prezidentning 2026-yil 6-noyabrdagi “Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 240-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2027-yildan boshlab aholi, ayniqsa yoshlar va davlat xizmatchilarining volontyorlik faoliyati boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida:
- volontyorlik qilish istagidagi yoshlar ishtirokida “Service Learning” (ijtimoiy xizmat asosidagi taʼlim) dasturi asosida qisqa muddatli oʻquvlar tashkil etish orqali ularning volontyorlik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
- davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va texnikum oʻquvchilari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturi amalga oshiriladi. Bunda:
- davlat organlari va tashkilotlari oliy taʼlim tashkilotlari talabalari hamda texnikum oʻquvchilariga taʼlimdan tashqari vaqtlarda volontyorlar guruhi tarkibida volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
- talabalar taʼlim olayotgan ixtisosligiga mos volontyorlik dasturida oʻz xohishiga koʻra ishtirok etadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari lavozimiga ishga qabul qilishda nomzodlarning malaka talablari boʻyicha koʻrsatkichlari teng boʻlgan hollarda volontyorlik faoliyati bilan shugʻullangan nomzodlarga ustunlik beriladi.
