“Kelajakda professional dronchi bo‘lmoqchiman”: 8-sinf o‘quvchisi dron boshqarishni o‘rganmoqda

“Kelajakda professional dronchi bo‘lmoqchiman”: 8-sinf o‘quvchisi dron boshqarishni o‘rganmoqda

Qashqadaryoda 8-sinf o‘quvchisi Qurbonova Jasmina “Kasblar shaharchasi”da dron boshqarishni o‘rganmoqda. U kelajakda professional dronchi bo‘lishni maqsad qilgan.

 

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 9-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Qurbonova Jasmina zamonaviy texnologiyalarga qiziqib, dronlarni boshqarish ko‘nikmalarini egallamoqda.

 

Jasminaning aytishicha, u bu yo‘nalishga bolaligidan qiziqqan. Biroq “Kasblar shaharchasi”ga kelguniga qadar dronlarni amalda boshqarish va uchirish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lmagan.

 

Mashg‘ulotlar dastlab kompyuterda dron parvozini simulyatsiya qilishdan boshlangan. O‘quvchilar avval nazariy bilim va virtual boshqaruv ko‘nikmalarini o‘zlashtirgan. Shundan keyin koptok shaklidagi dronlar, yirik dronlar va razvedka dronlarini uchirishni mashq qilgan.

 

O‘quvchi ilk parvoz paytida hayajonlanganini, dastlab dronni boshqarish oson bo‘lmaganini aytadi. Ustozlarining bosqichma-bosqich ko‘rsatmalari orqali bu yo‘nalishda amaliy tajriba orttirib bormoqda.

 

U hozircha o‘zini professional dronchi deb hisoblamaydi. Kelgusida yanada ko‘proq shug‘ullanib, malakali mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan.