Pedagog kadrlar attestatsiya testida qatnashish, savollarga javob berish, e’tiroz yuborish va natijalarni ko‘rish tartibi bilan tanishishi mumkin.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan taqdim etilgan yo‘riqnomada pedagog kadrlarning malaka toifasi bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan yangilangan platformadan foydalanish tartibi ko‘rsatildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 26-oktyabrdan O‘zbekiston bo‘ylab pedagog kadrlar malaka toifasi uchun attestatsiya sinovlariga start beriladi.
Videoda talabgorning testga kirishi, savollarni ishlashi, javob berilmagan savollarga qaytishi, savol yuzasidan e’tiroz bildirishi va sinov yakunlangach natijalarni ko‘rishi bosqichma-bosqich tushuntirildi.
Test sinovini qanday boshlash kerak?
Dastlab talabgor test platformasiga kirib, shaxsiy ma’lumotlari bilan tanishishi kerak. Video yo‘riqnomada testni boshlashdan oldin maxfiy kod kiritilishi ko‘rsatilgan.
Shundan so‘ng test oynasi ochiladi. Unda talabgorning ma’lumotlari, savollar raqamlari va test topshiriqlari joylashgan bo‘ladi.
Savollarga javob berish tartibi
Test oynasida savollar raqamlar orqali beriladi. Talabgor ularni ketma-ket ishlashi yoki zarur bo‘lsa, oldingi savollarga qaytishi mumkin.
Agar biror savolga javob topa olmasa, uni keyinroq ishlash uchun qoldirib, boshqa savolga o‘tishi mumkin. Buning uchun platformadagi savollar raqamlaridan foydalaniladi.
Test oynasida kalkulyator va qo‘llanma tugmalari ham mavjudligi ko‘rsatilgan. Ulardan foydalanish imkoniyati test topshirig‘i va platformadagi belgilangan tartibga bog‘liq.
Savolda xato aniqlansa, qanday e’tiroz bildiriladi?
Yo‘riqnomada talabgorlar uchun savol yuzasidan e’tiroz yuborish imkoniyati ham ko‘rsatilgan.
E’tiroz bildirish oynasida savolning ID raqami va e’tiroz sababi tanlanadi. Jumladan, quyidagi holatlar bo‘yicha murojaat qilish mumkin:
- savol matnida xatolik mavjud bo‘lsa;
- savolda bir nechta to‘g‘ri javob bo‘lsa;
- javob variantlarida xatolik aniqlansa;
- to‘g‘ri javob variantlar orasida bo‘lmasa.
Talabgor e’tiroz sababini tanlab, murojaatini yuborishi mumkin. Bunda e’tiroz aniq savolga tegishli bo‘lishi va uning sababi tushunarli ko‘rsatilishi lozim.
Barcha savollar bilan ishlash tugagach, platformadagi “Yakunlash” tugmasi orqali sinovni tugatish mumkin. Video yo‘riqnomada testni yakunlashdan oldin tasdiqlash oynasi chiqishi ham ko‘rsatilgan.
Shu sababli sinovni tugatishdan oldin javob berilmagan savollarni qayta tekshirib chiqish maqsadga muvofiq.
Attestatsiya natijalarini qayerdan ko‘rish mumkin?
Test sinovi yakunlangach, talabgorlar o‘z natijalarini mobil telefon orqali pedagog.uzedu.uz sayti yordamida ko‘rishi mumkin.
Platformadagi natijalar bo‘limida umumiy ball, to‘g‘ri ishlangan savollar va qo‘shimcha tayyorgarlik tavsiya etiladigan mavzular ko‘rsatiladi.
Shuningdek, talabgorning qaysi mavzularni yaxshi o‘zlashtirgani va qaysi yo‘nalishlarda yana tayyorlanishi kerakligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar namoyish etilgan.
Avvalroq, Milliy sertifikat imtihonlaridagi oʻzgarishlar yuzasidan Bilimni baholash agentligiga senator soʻrovi yuborilgani haqida xabar bergan edik.
