Talabalar uchun kontraktni toʻlash muddati yana uzaytirildi

Talabalar uchun kontraktni toʻlash muddati yana uzaytirildi

Yangi oʻquv yili uchun kontraktni toʻlash va talabalarni oʻqishga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati yana uzaytirildi.

 

Avvalroq, yangi oʻquv yili uchun oliygohlarda kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilish jarayoni 15-oktyabrga qadar uzaytirilgan edi.

 

Taʼlim va ilm-fan vazirligining maʼlum qilishicha, talabalar uchun yana qoʻshimcha muddat berildi. Yaʼni, 2026-2027-oʻquv yili uchun kontraktni toʻlash va abituriyentlarni talabalar safiga qabul qilish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirildi.

 

Mazkur muddat bakalavriat va magistraturaga oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar, oʻqishi koʻchirilgan yoki koʻchirib tiklangan hamda oʻqishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.

 

Belgilangan muddatga qadar bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha yillik qiymatning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt boʻyicha esa kamida 50 foizi toʻlanishi lozim.

 

Eslatma! Pedagoglar farzandlari uchun 30% kontrakt chegirmasiga ariza qabuli boshlangan. Imtiyoz davlat OTMlarida bakalavriat kunduzgi taʼlimida oʻqiyotgan pedagoglar farzandlariga beriladi.

 

Arizalar kontrakt.edu.uz platformasi orqali yuboriladi va 2 ish kunida koʻrib chiqiladi.