Hindistonda sodir bo‘lgan og‘ir avtohalokat oqibatida Gujarot shtatidan ta’lim olish uchun kelgan uch nafar yosh halok bo‘ldi. Yana bir talaba og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Hindistonning Mumbay shahrida ichida to‘rt nafar talaba bo‘lgan BMW avtomobili 23 metr balandlikdan qulab tushdi.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, hodisa joriy yil 20-sentyabr kuni soat 05:20 atrofida Mumbayning qirg‘oqbo‘yi yo‘lida (Coastal Road) sodir bo‘lgan. Taxminan 120 km/soat tezlikda harakatlangan avtomobil burilish qismida boshqaruvni yo‘qotgan.
Shundan so‘ng BMW yo‘l chetidagi himoya to‘siqlarini buzib o‘tib, qariyb 23 metr balandlikdan pastdagi qurilish maydoniga qulagan.
Hodisa oqibatida Gujarot shtatidan Mumbayga ta’lim olish uchun kelgan 17 yoshli Dhayrya Sheth, 19 yoshli Aditya Jakasania va avtomobilni boshqargan 21 yoshli Shanay Gajjar voqea joyida halok bo‘lgan.
Ularning 23 yoshli hamrohi Aditya Osval esa og‘ir jarohatlangan. U shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.
Politsiya va qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, zarba kuchi juda yuqori bo‘lgani sababli avtomobildagi barcha xavfsizlik yostiqchalari ochilgan. Biroq bu yo‘lovchilarning hayotini saqlab qolishga yetarli bo‘lmagan.
Shuningdek, yo‘lovchilardan biri zarba oqibatida avtomobildan taxminan 6 metr uzoqlikka otilib ketgani aytilmoqda. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish vaqtida haydovchining oyog‘i hamon gaz pedalida bo‘lgani aniqlangan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari hududdagi kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganib, avtohalokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov olib borilayotgani ma’lum qilingan.
