SSV bolalarni O‘RVI va grippdan qanday himoyalash kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdi

SSV bolalarni O‘RVI va grippdan qanday himoyalash kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi kuz-qish mavsumida bolalarni O‘RVI va grippdan himoyalash, kasallik paytida ularni to‘g‘ri parvarish qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Vazirlik ota-onalarga gigiyenaga rioya qilish, yetarli uyqu va suyuqlik ichirishga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi kuzda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar ko‘payishi sababli bolalarni mavsumiy kasalliklardan himoyalash bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi.

 

Unga ko‘ra, kuzda bolalarning maktab va bog‘chalarga qaytishi, odamlarning yopiq xonalarda ko‘proq vaqt o‘tkazishi hamda xonalarning kam shamollatilishi viruslar tarqalishini osonlashtiradi.

 

Shu munosabat bilan SSV ota-onalarga bolalarni yuqumli kasalliklardan himoyalash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni berdi.

 

Bolalarni yuqumli xastaliklardan qanday asrash kerak?

 

Yuqumli kasalliklar, asosan, havo-tomchi yoʻli orqali yuqadi. Shu bois bolaga qoʻllarni, ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan keyin sovunlab yuvishni oʻrgatish, bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash muhim.

 

Agar bolada burun oqishi, yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi yoki isitma paydo boʻlsa, uni maktab yoki bogʻchaga yubormaslik tavsiya etiladi. Bu uning tezroq sogʻayishi va infeksiya boshqalarga tarqalmasligiga yordam beradi. Bolani ob-havoga mos kiyintirish, nam kiyimda yurmasligiga eʼtibor berish zarur.

 

Ratsionda sabzavot va mevalar, sut mahsulotlari, tuxum, goʻsht, baliq va dukkakli mahsulotlar etarli boʻlishi, gazli va energetik ichimliklar, chips, suxarik hamda ortiqcha shirinliklar esa cheklanishi lozim.

 

Etarli uyqu ham muhim. Bolani bir vaqtda uxlab, bir vaqtda turishga odatlantirish, uyqudan oldin telefon va planshetdan foydalanishni cheklash tavsiya etiladi.

 

Gripp nega xavfli xastalik deyiladi?

 

Gripp — oʻtkir va tez yuquvchi kasallik. Uning asosiy manbai gripp bilan ogʻrigan bemor hisoblanadi. Xavf guruhiga 6 yoshgacha boʻlgan bolalar, 65 yoshdan oshgan keksalar va homilador ayollar kiradi. Xastalik burun, tomoq, bronxlar va ayrim hollarda oʻpkani zararlaydi.

 

Grippning yashirin davri odatda 1-4 kun. Kasallik tana haroratining toʻsatdan koʻtarilishi, yoʻtal, bosh, mushak, tomoq va boʻgʻimlarda ogʻriq hamda holsizlik bilan boshlanadi. Bolalarda ogʻir holatlarda nafas olish qiyinlashishi, ishtaha yoʻqolishi, suvsizlanish va eʼtibor pasayishi kuzatilishi mumkin.

 

Gripp ayrim hollarda zotiljam, oʻpka abssessi, oʻtkir respirator distress sindromi, shuningdek, sinusit, otit, meningit va boshqa jiddiy asoratlarga sabab boʻlishi mumkin.

 

Emlanish samara beradimi?

 

Grippga qarshi emlanish kasallikning oldini olish va ogʻir kechish xavfini kamaytirishning eng samarali usullaridan biridir. Ayniqsa, yosh bolalar, keksalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklari bor insonlar va tibbiyot xodimlari emlanishga alohida eʼtibor qaratishi kerak.

 

Vaksina organizmda gripp virusiga qarshi himoya shakllanishiga yordam beradi va kasallik ogʻir kechishi hamda asoratlar rivojlanishi xavfini kamaytiradi. Vaksinadan keyin ayrim insonlarda ukol qilingan joyda ogʻriq, engil isitma yoki holsizlik kuzatilishi mumkin. Odatda, bu belgilar qisqa muddatda oʻtib ketadi.

 

Emlanishdan oldin oilaviy shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

 

Qanday bolalarda tez-tez shamollash kuzatiladi?

 

Bolaning immuniteti ona qornidaligidan shakllana boshlaydi. Tugʻilgandan keyin ona suti tarkibidagi foydali moddalar va himoya omillari uning infeksiyalarga qarshi kurashishini qoʻllab-quvvatlaydi. Profilaktik emlashlar ham bunda muhim oʻrin tutadi.

 

Agar 3 yoshgacha boʻlgan bola bir yilda 4-martadan koʻp, 3 yoshdan katta bola esa 6-martadan ortiq OʻRVI, gripp yoki bronxit bilan kasallansa, u tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kirishi mumkin. Bunday holatda bolani pediatr koʻrigidan oʻtkazib, tez-tez kasallanish sababini aniqlash muhim.

 

Biroq bolaning tez-tez shamollashi har doim ham immuniteti pastligini anglatmaydi. Ayniqsa, bogʻchaga qatnaydigan bolalar yangi viruslar bilan koʻproq toʻqnashgani uchun yil davomida bir necha marta kasallanishi mumkin.

 

Agar kasalliklar uzoq davom yetsa yoki har safar ogʻir kechsa, bolaning ovqatlanishi, uyqu rejimi, jismoniy faolligi, emlash holati va surunkali kasalliklari shifokor tomonidan baholanishi lozim.

 

Bemor bolalarni uyda qanday parvarish qilish kerak?

 

Burun oqishi yoki bitishi, aksirish, yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi va isitma Oʻrviʼning keng tarqalgan belgilaridir. Koʻp hollarda kasallik engil kechadi va uy sharoitida toʻgʻri parvarish etarli boʻladi.

 

Bolaga suyuqlikni oz-ozdan, tez-tez ichirish tavsiya etiladi. Xonani muntazam shamollatish, bolani ortiqcha issiq kiyintirmaslik, burun bitganda esa tuzli eritmalardan foydalanish mumkin. Bolani majburlab ovqatlantirish shart emas. Unga yoshiga mos, engil hazm boʻladigan taomlar berish, chaqaloqlarni esa tez-tez emizish muhim.

 

Antibiotiklar virusli kasalliklarda foyda beradimi?

 

OʻRVI — virusli kasallik. Shu sababli uni antibiotik bilan davolash mumkin emas. Antibiotiklar viruslarga emas, bakteriyalarga qarshi qoʻllaniladi. Ularni nooʻrin qabul qilish ichak disbakteriozi, jigarga zarar etkazishi va boshqa nojoʻya taʼsirlarga sabab boʻlishi mumkin.

 

Shuningdek, hayot uchun xavfli allergik reaksiya — anafilaktik shok yuzaga kelishi ehtimoli ham bor. Shu sababli bolaga shifokor tavsiyasisiz antibiotik berish mumkin emas.

 

OʻRVI paytida qaysi mahsulotlar isteʼmolini cheklash kerak?

 

Kasallik paytida ortiqcha shirinlik va shakarli mahsulotlarni cheklash tavsiya etiladi. Meva va sabzavotlardagi tabiiy shakardan esa qoʻrqish shart emas. Sitrus mevalarini butunlay taqiqlash shart emas. Ammo ular tomoqdagi noqulaylikni kuchaytirsa, vaqtincha cheklagan maʼqul.

 

Sut mahsulotlari ham koʻpchilik uchun zararli emas. Faqat hazm bilan bogʻliq noqulaylik kuzatilsa, ularni vaqtincha kamaytirish mumkin. Juda yogʻli, qovurilgan va fastfud mahsulotlari oʻrniga engil, toʻyimli va oson hazm boʻladigan taomlarni tanlash, etarli suyuqlik ichish muhim.

 

Bemor bolalarga qanday holatda isitma tushiruvchi dorilar berish lozim?

 

Bolada biroz isitma koʻtarilishi ota-onani sarosimaga solmasligi kerak. Xastalik engil kechayotgan boʻlsa, aksariyat hollarda bolani uyda parvarish qilish mumkin. 1 yoshgacha boʻlgan bolalarda tana harorati 38-38,2, 1 yoshdan oshganlarda esa 38,5 darajaga etmagunicha isitma tushiruvchi dori berish tavsiya etilmaydi.

 

Isitma paytida organizm suyuqlik yoʻqotgani uchun bolaga tez-tez iliq suv va boshqa suyuqliklar berish, uni engil taomlar bilan kam-kamdan ovqatlantirish lozim.

 

Qaysi holatda shifoxonada davolanish tavsiya etiladi?

 

Isitma 38,5 darajadan koʻtarilganda bolaga paratsetamol yoki ibuprofen kabi isitma tushiruvchi vositalar berish tavsiya etiladi. Agar bolaning ahvolida ijobiy oʻzgarish boʻlmasa, kuchli hansirash, nafas qisishi, tez-tez nafas olish, haddan tashqari uyquchanlik, ovqat emaslik yoki emmay qoʻyish, kuchli bezovtalik kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.

 

Bunday holatda pastki nafas yoʻllarida yalligʻlanish yoki bakterial infeksiya qoʻshilgan boʻlishi mumkin va bemorga shifoxona sharoitida davolanish talab etilishi ehtimoli bor.

 

Ota-onalar bemor farzandlari parvarishida eng koʻp qaysi xatolarga yoʻl qoʻyadi?

 

Bola kasallanganda ayrim notoʻgʻri muolajalar uning ahvolini ogʻirlashtirishi mumkin. Masalan, tomoqni yod, zelyonka yoki boshqa kuchli vositalar bilan artish shilliq qavatni jarohatlashi mumkin. Isitmani tushirish uchun shifokor tavsiyasisiz turli dorilarni aralashtirib, ukol qilish ham xavfli. Isitma tushiruvchi dorilar bolaning yoshi va vazniga mos dozada berilishi kerak.

 

Yoʻtal, astma yoki allergiyasi bor bola xonasida isiriq yoki boshqa tutunli vositalarni tutatish tavsiya etilmaydi. Tutun nafas yoʻllarini taʼsirlantirib, yoʻtal va nafas qisishini kuchaytirishi mumkin.

 

Isitmasi bor bolani qalin kiyim va koʻrpaga oʻrab tashlash ham notoʻgʻri. Uni engil, qulay kiyimda saqlash, xona haroratini moʻtadil tutish lozim. Kasallik paytida bolaning ishtahasi pasayishi tabiiy. Uni majburan ovqatlantirish oʻrniga etarli suyuqlikni oz-ozdan, tez-tez berish muhim. Xonani muntazam shamollatish kerak, biroq bolani sovuqda yoki yelvizakda qoldirish mumkin emas.