Endi tibbiyot xodimlari malaka oshirish uchun ta’lim shakli va muassasani mustaqil tanlaydi

Endi tibbiyot xodimlari malaka oshirish uchun ta’lim shakli va muassasani mustaqil tanlaydi

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka oshirish uchun ta’lim provayderi, dastur va ta’lim shaklini mustaqil tanlash huquqi beriladi. Bunda ishdan ajralmagan holda masofaviy va kechki shakllarda o‘qish imkoniyati ham yaratiladi.

 

SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka oshirish uchun ta’lim provayderi, dastur va ta’lim shaklini mustaqil tanlash huquqi beriladi.

 

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz ta’lim provayderini, dasturni va ta’lim shaklini, jumladan, ishdan ajralmasdan o‘qish imkonini beradigan masofaviy va kechki shakllarni ham erkin tanlash huquqi rasman mustahkamlanmoqda.

 

Shu bilan birga, kasbiy malaka oshirishni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishning amaldagi hajmi to‘liq saqlab qolinadi.

 

Yangi tizimda moliyaviy resurslar vaucherlar orqali taqsimlanadi. Ya’ni mablag‘ markazga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri shifokorga biriktiriladi va u o‘zi xohlagan provayderni tanlaydi.

 

Bugungi kunda ushbu sohada raqobat asosida 10 ta oliy ta’lim muassasasi, 29 ta tibbiyot markazi va 30 dan ortiq xususiy provayder faoliyat yuritmoqda. Yaqin yillarda esa ularning soni 100 tadan oshirilishi kutilmoqda.

 

Mazkur jarayonga butun dunyoda tan olingan hamkorlar, jumladan AQShning uzluksiz tibbiy ta’lim bo‘yicha akkreditatsiya kengashi jalb qilinmoqda. Shuningdek, tibbiyot mutaxassislari Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda tajriba orttiradi.

 

2030-yilga borib uzluksiz tibbiy ta’lim bilan qamrovni 100 foizga, ya’ni 600 ming nafardan ortiq xodimga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

 

Avvalroq, “Davolash ishi” yo‘nalishi o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” yo‘nalishi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.