Jizzax viloyatida 30-avgust kuni tuman hokimiga biriktirilgan xizmat avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchragani aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mashinada hokim va uning maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bo‘lgan.
Joriy yil 30-avgust kuni Jizzax viloyati Zafarobod tuman hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latovga biriktirilgan KIA Seltos rusumli xizmat avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqida xabar tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobil katta yuk mashinasining orqa qismiga borib urilgan. Kun.uz‘ga ko‘ra, hodisa vaqtida xizmat mashinasini tuman hokimining maktabda o‘qiydigan o‘g‘li boshqargani aytilmoqda.
YTH oqibatida G‘ayratjon Eshpo‘latov va uning o‘g‘li tan jarohatlari olgani, dastlab ular Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
Ta’kidlanishicha, ularning ahvoli sababli keyinchalik tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax shahridagi filialiga olib ketilgan.
Ma’lumot uchun, G‘ayratjon Eshpo‘latov 2024-yil 5-martidan buyon Zafarobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Keyinchalik Zafarobod tumani hokimligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, xizmat mashinasini tuman hokimining o‘zi boshqargani, voyaga yetmagan o‘g‘li esa yo‘lovchi o‘rindig‘ida bo‘lgan.
