Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashga oid qonun loyihasini ustuvor tartibda ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qurultoy deputatlari 16 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ustuvor tartibda ko‘rib chiqishlari kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Toqayev avvalroq Qozog‘iston hukumati shunday tashabbus bilan chiqqanini eslatdi.
‘‘Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Menimcha, bu masala ustuvor tartibda ko‘rib chiqilishi kerak. Biz o‘sib kelayotgan avlod uchun qulay va, eng muhimi, xavfsiz muhit yaratishimiz shart’’, — dedi Toqayev Qurultoyning birinchi sessiyasi ochilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi qabul qilinayotganida uni amalda qo‘llashning barcha mexanizmlarini puxta ishlab chiqish zarur. Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash qanday amalga oshirilishi aniq belgilanishi kerak.
Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti mamlakatda onlayn-platformalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Zelandiyada ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi parlamentga kiritilgani haqida xabar bergan edik.
Tashabbusga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanuvchilarning yoshini tekshirish talab etilishi, belgilangan talablarni bajarmagan platformalarga esa global daromadining 10 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
