Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi 2-sonli texnikum bitiruvchisi tegishli 4 ta fandan milliy sertifikat olib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga davlat granti asosida oʻqishga kirdi.
Bagʻdod tumanidagi texnikum bitiruvchisi Maxmudov Azizbek Saidahmad oʻgʻli tarix (A+), ingliz tili (B2), ona tili (B+), matematika (B) fanlaridan milliy sertifikatni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin talabalikni naqd qilgan edi.
Azizbekning soʻzlariga koʻra, sertifikatga tayyorlanish davomida asosiy qiyinchilik dam olish bilan bogʻliq boʻlgan. Chunki sertifikat imtihonlariga yaqin qolganda oʻqish bilan ovora boʻlib, kun tartibidan uyqu, dam deyarli chiqib ketganini soʻzlab berdi.
Azizbek 4 ta fanning barchasidan birinchi urinishdayoq kerakli darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritgan.
“Dars qilishni xohlamagan paytlarimda yelkamdagi masʼuliyatni, yaʼni yaqinlarim, onamning menga boʻlgan ishonchini his qilardim. Onamning ishonchi menga kuch berardi”, — deydi Azizbek.
Azizbekning taʼkidlashicha, sertifikat olish fikri 2024-yil yanvar oyida paydo boʻlgan. Barcha fanlardan sertifikat olish uchun 2,5-yil vaqt ketgan. Tarix va ingliz tili uchun 2 yil, ona tili va matematika uchun 2 oydan vaqt sarflagan.
“Milliy sertifikat imtihoniga tayyorgarlik koʻrayotgan barcha tengqurlarimga beradigan eng katta maslahatim bu toʻgʻri ustoz tanlashdir. Chunki hayotingizdagi birgina toʻgʻri shaxs hammasini — ilmga boʻlgan ishtiyoqingiz, kun tartibingiz va umuman dunyo qarashingizni ham butunlay oʻzgartirib yuboradi”, — deydi Azizbek.
Azizbekning kelgusidagi oʻqish va ishlariga omad tilaymiz.
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikat olib, tibbiyot oliygohiga grantga kirgan talaba haqida xabar bergan edik.
