2026-yildan boshlab bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tamomlagan va ilk bor taʼlim tashkilotiga ishga kirayotgan bitiruvchilarga malaka toifasini attestatsiyasiz olish imkoniyati beriladi. Ular toʻgʻridan toʻgʻri ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlishi mumkin.
Hukumatning tegishli Qaroriga asosan, 2026-yildan boshlab bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, birinchi bor taʼlim tashkilotiga ishga kiradigan bitiruvchilarga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) berish amaliyoti joriy qilindi. Bu haqda MMTV xabar berdi.
Unga koʻra, ushbu imtiyozdan foydalanishni istagan bitiruvchilar:
– Pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy profiliga kirishi;
– “Murojaatlarim” boʻlimini ochishi;
– Murojaat turidan “Toʻgʻridan-toʻgʻri” bandini tanlashi;
– Kerakli shakllarni toʻldirishi;
– Yakuniy shakldagi imtiyoz tanlash qismidan “Imtiyozli bakalavr diplomi” bandini belgilashi;
– Murojaatni “Yuborish” tugmasi orqali joʻnatishi kerak.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab magistraturani tamomlagan, barcha fanlardan va attestatsiyadan “5” (90–100 ball) baho olgan hamda birinchi bor taʼlim tashkilotiga ishga kirayotgan bitiruvchilarga birinchi malaka toifasi — yetakchi oʻqituvchi berish imtiyozini joriy etish boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq, endi 3- va 4-kurs talabalari maktablarga diplomsiz ishga ariza topshirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

