“Telefonni emas, maqsadimni tanladim”: sirdaryolik o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

“Telefonni emas, maqsadimni tanladim”: sirdaryolik o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 27-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Xudoyberdiyev Kamronbek Olimjon oʻgʻli ingliz tili, matematika, tarix hamda oʻzbek tili va adabiyoti fanlaridan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin talabalikka tavsiya etildi. Kelajakda diplomat boʻlishni maqsad qilgan oʻquvchi suhbatda muvaffaqiyat ortidagi mehnat, intizom va motivatsiya haqida soʻzlab berdi.

“Maqsadim 9-sinfdayoq aniq edi”

 

Muddatidan oldin talaba boʻlish bugun koʻplab oʻquvchilarning orzusiga aylangan. Biroq bunday natijaga erishish uchun nafaqat bilim, balki uzoq muddatli reja, qatʼiyat va muntazam mehnat ham talab etiladi. Sirdaryolik oʻquvchi Xudoyberdiyev Kamronbek Olimjon oʻgʻli ham aynan shu yoʻlni tanladi.

 

U ingliz tilidan B2, matematikadan B+, tarix fanidan A, oʻzbek tili va adabiyotidan esa B darajadagi milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Bu natijalar unga oliy taʼlim muassasasiga muddatidan oldin talaba boʻlish imkonini berdi.

 

Kamronbekning aytishicha, bu maqsad birdaniga paydo boʻlmagan.

 

“Muddatidan oldin talaba boʻlish niyati menda 9-sinfda paydo boʻlgan. Oʻsha paytdan boshlab oldimga aniq maqsad qoʻydim. Aynan shu maqsad meni milliy sertifikatlarga tayyorlanishga undadi. Dastlab qiyin boʻldi, lekin reja asosida ishlay boshlaganimdan keyin hammasi iziga tushdi” — deydi u.

Bugungi kunda u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar yoʻnalishida tahsil olib, kelajakda diplomat boʻlishni maqsad qilgan.

Bir yildan ortiq davom etgan tayyorgarlik va kunlik intizom

 

Yuqori natija qisqa vaqt ichida qoʻlga kiritilmagan. Kamronbek har bir fan uchun alohida muddat davomida tayyorgarlik olib borgan.

 

Matematika faniga 9 oy, ona tili va adabiyotiga 6 oy, tarix faniga 1-yil 1 oy, ingliz tiliga esa 1-yil 3 oy vaqt ajratgan.

 

Tayyorgarlik jarayonida maktab darsliklari, test toʻplamlari, onlayn platformalar va repetitor mashgʻulotlaridan foydalangan. Uning fikricha, foydalanilgan manbalardan ham muhimrogʻi — ularni muntazam qoʻllash boʻlgan.

 

“Har kuni oz boʻlsa ham dars qilishni odat qilganman. Baʼzi kunlari koʻp, baʼzi kunlari kamroq shugʻullanganman, lekin biror kunni umuman dars qilmasdan oʻtkazmaslikka harakat qilardim” — deydi abituriyent.

Kamronbek tayyorgarlikning eng muhim qismi sifatida xatolar ustida ishlashni koʻrsatadi.

“Koʻp test ishlardim. Yoʻl qoʻygan xatolarimni alohida daftar qilib yozib borardim. Keyin oʻsha mavzularni yana qayta oʻqirdim. Menimcha, aynan shu usul natijamni sezilarli darajada oshirdi” — deydi u.

“Telefonni emas, maqsadimni tanladim”

 

Bugungi kunda koʻplab oʻquvchilar uchun eng katta muammolardan biri — vaqtni toʻgʻri taqsimlash va ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha vaqt sarflashdir. Kamronbek ham bunga alohida eʼtibor qaratgan.

 

Maktabdagi darslar, qoʻshimcha mashgʻulotlar va sertifikatlarga tayyorgarlikni bir vaqtda olib borish uchun u kun tartibini oldindan rejalashtirib yurgan.

 

“Maktabdan keyingi vaqtimni oldindan rejalashtirardim. Keraksiz narsalarga vaqt sarflamaslikka harakat qilganman. Vaqtni toʻgʻri taqsimlash juda muhim” — deydi Kamronbek.

Telefon masalasida esa u qatʼiy qaror qabul qilgan.

“Dars vaqtida telefonni chetga qoʻyardim. Telegram taʼlim uchun kerak boʻlgani sababli qoldi, qolgan ijtimoiy tarmoqlarni esa oʻchirib tashladim. Telefon foydali vosita boʻlishi mumkin, lekin undan qanday foydalanish insonning oʻziga bogʻliq” — deydi u.

Uning aytishicha, tayyorgarlik davrida ayrim kunlari kech uxlashiga toʻgʻri kelgan. Shunga qaramay, imkon qadar uyqu rejimini saqlashga harakat qilgan.

“Hech qachon taslim boʻlmang”

 

Uzoq davom etadigan tayyorgarlik jarayonida ruhiy tushkunlik holatlari deyarli har bir abituriyentda uchraydi. Kamronbek ham bundan mustasno emasligini aytadi.

 

“Ha, tushkunlikka tushgan paytlarim boʻlgan. Lekin shunday vaziyatlarda oldimga qoʻygan maqsadimni eslab, oʻzimni ruhlantirardim. Psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim. Agar inson oʻziga ishonsa, qiyinchiliklarni yenga oladi” — deydi u.

Imtihon kuni ham shoshqaloqlik eng katta xatolardan biri ekanini taʼkidlaydi.

“Savolni oxirigacha diqqat bilan oʻqish kerak. Javobni belgilashdan oldin yana bir marta tekshirish foydadan xoli emas. Eng muhimi esa, hech qachon taslim boʻlmaslik kerak” — deydi oʻquvchi.

Kamronbekning fikricha, maktablarda milliy sertifikatlarga yoʻnaltirilgan amaliy mashgʻulotlar va zamonaviy metodlar koʻpaytirilsa, bunday natijalarga erishayotgan oʻquvchilar soni yanada ortadi.

Hozirda u oliy taʼlimga qabul jarayonlari bilan band. Shu bilan birga, kelajakdagi faoliyati uchun xorijiy tillarni oʻrganishni davom ettirmoqda.

 

“Kelajakda Oʻzbekiston manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qiladigan diplomat boʻlishni istayman. Buning uchun oʻqishni ham, oʻzim ustida ishlashni ham davom ettiraman” — deydi u.

Avvalroq, IELTS 7.0, SAT 1300 va ikki milliy sertifikat: TOP-100 universitetlar sari intilayotgan namanganlik bitiruvchi haqida xabar bergan edik.