Buyuk Britaniyada 16–17 yoshdagilar uchun ijtimoiy tarmoqlardan tungi foydalanishni cheklash taklif qilindi

Buyuk Britaniyada 16–17 yoshdagilar uchun ijtimoiy tarmoqlardan tungi foydalanishni cheklash taklif qilindi

Buyuk Britaniya hukumati voyaga yetmaganlarni raqamli muhitning salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan navbatdagi tashabbusni e’lon qildi. O‘tgan oy 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejasi taqdim etilgan bo‘lsa, endi 16–17 yoshli o‘smirlar uchun tungi foydalanishni cheklash taklif qilinmoqda.

 

Buyuk Britaniyadagi yirik siyosiy partiyalardan biri Leyboristlar hukumati joriy yil 15-iyul kuni ma’lum qilishicha, Instagram, TikTok va YouTube kabi platformalarda 16–17 yoshli foydalanuvchilar uchun soat 00:00 dan 06:00 gacha davom etadigan 6 soatlik tungi cheklov sukut bo‘yicha faollashtiriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar istasa ushbu cheklovni o‘chirib qo‘yish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

 

Taklifga ko‘ra, ushbu yosh toifasi uchun videolarning avtomatik ijro etilishi (autoplay) hamda cheksiz skroll (infinite scrolling) kabi foydalanuvchini uzoq vaqt platformada ushlab turuvchi funksiyalar ham sukut (mute) bo‘yicha o‘chirib qo‘yiladi. Hukumat bu orqali o‘smirlarning uyqu sifatini yaxshilash va diqqatini jamlashga ko‘maklashishni maqsad qilgan.

 

Mazkur tashabbus joriy yil iyun oyida o‘sha paytdagi Bosh vazir Keyr Starmer tomonidan e’lon qilingan rejaning davomi hisoblanadi. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi to‘liq taqiqlanishi rejalashtirilgan.

 

Agar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun qat’iy taqiq joriy etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 16–17 yoshdagi o‘smirlarga nisbatan hukumat nisbatan yumshoqroq yondashuvni tanlagan.

 

Buyuk Britaniyaning bu tashabbusi yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha dunyo bo‘ylab kuchayib borayotgan tendensiyaning bir qismi hisoblanadi.

 

Avstraliya o‘tgan yil dekabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi ilk davlatga aylangandi. Biroq keyinchalik o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘plab o‘smirlar ushbu cheklovlarni osonlik bilan chetlab o‘tayotganini ko‘rsatgani sababli hukumat qoidalarni yanada kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

 

Mazkur taqiq 10-dekabr kuni kuchga kirgan bo‘lib, Avstraliya bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashga urinayotgan boshqa davlatlar uchun o‘ziga xos tajriba maydoniga aylangan.

 

Buyuk Britaniyaning Onlayn xavfsizlik bo‘yicha vaziri Kanishka Narayan tungi cheklovning ixtiyoriy ekanini himoya qilar ekan, o‘smirlar uni shunchaki o‘chirib qo‘yadi, degan tanqidlarni rad etdi.

 

U Sky News telekanaliga bergan intervyusida hukumat katta yoshdagi o‘smirlar uchun qat’iy taqiqlar joriy etishni emas, balki ularni voyaga yetish jarayoniga bosqichma-bosqich tayyorlashni maqsad qilganini aytgan.

 

Biz o‘smirlarga mustaqil tanlov qilish imkonini bermoqchimiz. Bu tashabbusning zarurligini tasdiqlovchi dalillar ham, uni joriy etish sabablari ham yetarlicha aniq. Men barcha o‘smirlar bu cheklovni darhol o‘chirib qo‘yadi, deb hisoblash orqali ularga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘lardim, — dedi vazir.

 

Biroq bolalar xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ushbu tashabbus samaradorligiga shubha bilan qaramoqda.

 

Al-Jazeera nashrining yozishicha, Konservativ partiyaning ta’lim masalalari bo‘yicha vakili Laura Trott ushbu rejani mantiqsiz deb baholagan.

 

Buyuk Britaniyaning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha yirik nodavlat tashkiloti — Bolalarga nisbatan shafqatsizlikning oldini olish milliy jamiyati (NSPCC) ushbu tashabbusni ijobiy baholadi.

 

Biroq tashkilot bosh ijrochi direktori Kris Shervud hukumat bundan ham qat’iyroq choralarni ko‘rmasa, bu siyosat muammoni faqat vaqtincha yumshatishini, biroq bolalarni ekranga qaram qilib qo‘yayotgan algoritmlar muammosini hal qila olmasligini ta’kidlagan.

 

Mazkur takliflar Starmer hukumati faoliyatidagi so‘nggi qonunchilik tashabbuslaridan biri bo‘lgani sababli, ularni amaliyotga joriy etish vazifasi uning ehtimoliy vorisi Endi Bernhem zimmasiga yuklanishi kutilmoqda.

 

Avvalroq, Maldiv Respublikasi hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ayrim ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanishini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.