Yana bir davlat 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy qilishini ma’lum qildi

Yana bir davlat 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy qilishini ma’lum qildi

Maldiv Respublikasi hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ayrim ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanishini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Muhammad Muizzu ma’lum qildi.

 

Maldiv Respublikasi Prezident administratsiyasining rasmiy saytida keltirilishicha, davlat rahbari 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanishini taqiqlashni ma’lum qildi. U bolalarning ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siriga ko‘proq duch kelayotganiga e’tibor qaratib, voyaga yetmaganlar orasida kiberbulling holatlari ko‘payayotganini ta’kidladi.

 

Taklif etilayotgan cheklov bolalar uchun xavfli deb topilgan ayrim ilovalarga nisbatan qo‘llaniladi. Prezidentning so‘ziga ko‘ra, hukumat texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi hamda platforma egalari bilan xizmatlarni mamlakat qonunchiligiga moslashtirish ustida ishlaydi.

 

Davlat rahbari joriy etilishi rejalashtirilayotgan cheklov bolalarning ta’limdagi muvaffaqiyatlariga yoki internet orqali yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniyatlariga to‘sqinlik qilmasligini alohida ta’kidladi.

 

Biz Avstraliya tomonidan bu borada ko‘rilgan choralarni yaxshi namuna deb hisoblaymiz. Shu sababli Maldiv orollarida ham Avstraliya standartlarini joriy etish bo‘yicha ish olib borishni rejalashtirmoqdamiz, — dedi prezident Muhammad Muizzu.

 

Hukumat jamoatchilik muhokamalari va taklif-mulohazalarni yig‘ish jarayonidan so‘ng normativ-huquqiy bazani shakllantirishni yakunlab, mazkur cheklovlar eng ko‘pi bilan bir yil ichida to‘liq joriy etiladi.

 

Ma’lumot uchun, 2025-yil dekabr oyida Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonunni qabul qilgan edi. Uning ortidan 2026-yil mart oyida Indoneziya ham shunga o‘xshash cheklovlarni joriy etdi.

 

Shuningdek, bunday qonunchilik tashabbuslari Polsha, Daniya, Fransiya, Ispaniya, Gretsiya va Buyuk Britaniyada ham ishlab chiqilmoqda.