Prezidentning yangi qaroriga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar uchun xorijdagi ta’lim va foundation dasturlari xarajatlarini moliyalashtiradi.
Prezidentning 2026-yil 17-iyuldagi PQ–269-son qaroriga muvofiq, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, Oliy maktab bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda mazkur dasturlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar Oliy maktabning mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan o‘quvchilarning kreditlari xorijdagi yetakchi hamkor oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinishi ta’minlanadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasiga stipendiya dasturlari doirasida 2027/2028 oʻquv yilidan belgilangan tartibda tanlovdan oʻtgan talabgorlarning quyidagi xarajatlarini moliyalashtirishga ruxsat beriladi:
– Oliy maktab va boshqa oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan integratsiyalashgan taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan, top-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, sohaviy yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishni uzluksiz davom ettirish imkoniga ega boʻlgan talabalarning xorijdagi oʻqishini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarini;
– belgilangan oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga shartli qabul qilingan talabgorlar uchun Oliy maktab va boshqa mahalliy oliy taʼlim tashkilotlarida integratsiyalashgan dasturlar asosida tashkil etiladigan 1-kurs (bosqich) (foundation) dasturlari oʻqish xarajatlarini (tuition fee).
Avvalroq, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
