Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda bankni talon-toroj qilishga uringan shaxs maktab o‘quvchisi ekani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu ma’lumotni rad etib, gumonlanuvchi maktab o‘quvchisi emasligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda qoʻlida bomba borligini aytib bankni talon-toroj qilishga uringan shaxs maktab oʻquvchisi ekani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, ayrim Telegram-kanallarda niqob va qishki kiyimda bankka bostirib kirgan yigit sumkasida bomba borligini aytib, pul talab qilgani, voqea joyiga qoʻriqlash xizmati xodimlari yetib kelgani, muzokaralardan soʻng u ixtiyoriy ravishda taslim boʻlgani hamda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani, shuningdek, ushbu shaxs maktab oʻquvchisi ekani taʼkidlangan.
Mazkur xabarlarga Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi raddiya bildirdi.
Boshqarma maʼlum qilishicha, bankni talon-toroj qilishga urinish holati boʻyicha gumonlanayotgan fuqaro maktab oʻquvchisi emas.
Shuningdek, boshqarma ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tasdiqlanmagan va asossiz maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
“Mazkur holat boʻyicha gumonlanayotgan fuqaro maktab oʻquvchisi emas. Shu oʻrinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻrab qolamiz” — deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq, Samarqandda 10-sinf o‘quvchilari boshqa bir o‘quvchini guruh bo‘lib kaltaklagani haqida xabar bergan edik.
