2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushiriladi

2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushiriladi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda 2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilarni saralash va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash boʻyicha takliflar bilan tanishdi.

 

Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan “TOP-100” ochiq tanlovini oʻtkazish mexanizmi ham bayon qilingan. Tanlov agrar soha, sogʻliqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, taʼlim, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarini qamrab oladi.

 

Bunda nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan oʻtadi. Gʻoliblar maxsus oʻquv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, ularning kasbiy oʻsishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi boʻyicha manzilli choralar koʻriladi.

 

Ta’kidlanishicha, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhim.

 

Bu borada 2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda taʼlim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot oʻtashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi taʼminlanadi.

 

2026-yil 1-oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushiriladi

 

Yigʻilishda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratilgan. Oʻtgan yili jamgʻarma transformatsiya qilingani natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi boʻlgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetgan. Keyingi yilda yangi tartib asosida oʻtkazilgan uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi boʻlgan.

 

Shu bilan birga, jamgʻarma dasturlarini hudud va tarmoqlarning aniq ehtiyojlariga bogʻlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, oʻqish xarajatlarini yirik korxonalar bilan birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirilgan.

 

Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qoʻllab-quvvatlash, yuqori boʻgʻin rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari koʻrib chiqilgan.

 

Avvalroq, kadrlarni baholashda “obyektivka” o‘rniga nomzodning salohiyatini ko‘rsatadigan tizimga o‘tilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.