Kadrlarni baholashda “obyektivka” o‘rniga nomzodning salohiyatini ko‘rsatadigan tizimga o‘tilishi rejalashtirilmoqda

Kadrlarni baholashda “obyektivka” o‘rniga nomzodning salohiyatini ko‘rsatadigan tizimga o‘tilishi rejalashtirilmoqda

Bugun, Prezident raisligida iqtidorli boshqaruvchilarni saralash va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Unda kadrlarni baholashda eskicha “obyektivka” usulidan voz kechish haqida ham so‘z yuritildi.

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Qayd etilishicha, sunʼiy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb boʻyicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan.

 

Shu bilan birga, kadrlarni baholashda eskicha “obyektivka” usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.

 

Yangi tartibga koʻra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon boʻyicha baholanadi. Katta maʼlumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sunʼiy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi.

 

Mazkur tizimni dastlab qishloq xoʻjaligi, oliy taʼlim va qurilish sohalarida sinovdan oʻtkazish taklif etilgan.

 

Bundan tashqari, har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030-yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, bo‘lib o‘tgan ta’lim bo‘yicha takliflar taqdimotida bir litsey yoki texnikumda 2 yil o‘qib, keyingi 3 yilni oliygohda davom ettirishi mumkin boʻlishi haqida xabar berilgandi.