2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasida test sinovlari, yo‘nalish tanlash va mandatni shakllantirish jarayonlari belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Yakuniy mandat natijalari 17-avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasida oliy ta’lim muassasalariga kirish jarayonining asosiy bosqichlari qonunchilikda belgilangan muddatlar asosida amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, 14–23-iyul kunlari test sinovlari o‘tkaziladi. Testlar yakunlangach, 25-iyuldan 8-avgustgacha abituriyentlar oliy ta’lim yo‘nalishlarini tanlaydi.
Shundan so‘ng, 8–17-avgust kunlari yakuniy mandatni shakllantirish ishlari olib boriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, 17-avgust kuni mandat natijalari e’lon qilinishi kutilmoqda.
Mandat natijalari e’lon qilingach, 18–27-avgust kunlari oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar texnikumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2025/2026-o‘quv yili qabuli yakunlari bo‘yicha mandat natijalari 13-avgust kuni e’lon qilingan edi. Shu bois, joriy yilda ham natijalar belgilangan muddatdan oldinroq e’lon qilinishi ehtimoli mavjud.
Eslatib o‘tamiz, hali ruxsatnomasini yuklab olmagan abituriyentlar uni @ruxsatnoma_uzbmb_bot Telegram boti orqali tez va qulay yuklab olishlari mumkin.
Avvalroq, kirish test sinovlarining ilk kunida 7 nafar abituriyent qoidabuzarlik sabab imtihondan chetlashtirilgani haqida xabar bergan edik.
