Kirish test sinovlarining ilk kunida 7 nafar abituriyent qoidabuzarlik sabab imtihondan chetlashtirildi

Kirish test sinovlarining ilk kunida 7 nafar abituriyent qoidabuzarlik sabab imtihondan chetlashtirildi

Kecha, 14-iyul kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining birinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Respublika bo‘ylab 62 ming nafardan ortiq abituriyent testlarda ishtirok etdi, 7 nafar abituriyent esa qoidabuzarlik sabab jarayondan chetlatilgan.

 

Xabaringiz bor, kecha, 14-iyul kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining birinchi kuni bo‘lib o‘tdi.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida 62 ming nafardan ortiq abituriyent ishtirok etgan.

 

Shuningdek, test sinovlari davomida 7 nafar abituriyent belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi sababli test jarayonidan chetlashtirilgan.

 

Abituriyentlar ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishi lozim. Mazkur ma’lumotlarni o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas.

 

Eslatib o‘tamiz, test sinovi o‘tkaziladigan hududga kamida bir yarim soat oldin yetib borish hamda pasport (ID-karta)ning asli va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelish talab etiladi. Hali ruxsatnomasini yuklab olmagan abituriyentlar uni @ruxsatnoma_uzbmb_bot Telegram boti orqali tez va qulay yuklab olishlari mumkin.

 

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, quyidagi holatlarda abituriyent test sinovidan chetlashtiriladi va uning natijalari bekor qilinadi:

 

  • test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa;
  • test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
  • test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
  • test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa yoki olib chiqishga urinsa, test materiallarini tarqatsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
  • test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
  • test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili uchun kirish test sinovlari 23-iyulga qadar davom etadi.

 

Avvalroq, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan SAT 2026 natijalari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlar hamda abituriyentlar statistikasi e’lon qilingan edi.