“Tinimsiz harakat – barcha muvaffaqiyatlarning kalitidir”: qashqadaryolik bitiruvchi 189 ballni muddatidan oldin qo‘lga kiritdi

“Tinimsiz harakat – barcha muvaffaqiyatlarning kalitidir”: qashqadaryolik bitiruvchi 189 ballni muddatidan oldin qo‘lga kiritdi

Qashqadaryo viloyati Kitob tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf bitiruvchisi Qobiljonova Farzona Zafarjon qizi oliy ta’limga kirish uchun zarur bo‘lgan maksimal ballni sertifikatlari orqali muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Ayni damda unda CEFR B2, matematikadan A+, fizikadan A+, o‘zbek tili va adabiyotdan A hamda tarix fanidan B+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bitiruvchi endilikda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olishni maqsad qilgan.

 

Farzona kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, bu natijaga erishishda maktabdagi ilmiy muhit, ustozlari va ota-onasining ishonchi hal qiluvchi omil bo‘lgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur bitiruvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Uning ta’kidlashicha, sertifikat olish g‘oyasi va yuqori natijalar sari intilishiga avvalo maktabdagi muhit sabab bo‘lgan.

 

Maktabimizdagi o‘quvchilarning yutuqlari meni doim ruhlantirib kelgan. Eng katta motivatsiyani esa ota-onam hamda fizika fani o‘qituvchim Axmedova Zamira ustozim berdilar. Bu yo‘l oson bo‘lmadi. Ko‘plab uyqusiz tunlarni boshdan kechirdim. Lekin bugun o‘sha mehnatlarim o‘z samarasini berdi. Men bir narsani angladim: tinimsiz harakat barcha muvaffaqiyatlarning kalitidir, — deydi u.

 

Mustahkam poydevor muvaffaqiyatni tezlashtirdi

 

Farzona maktab davridanoq barcha fanlarga mas’uliyat bilan yondashganini aytadi. Shu sababli sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik uzoq davom etmagan.

 

Natijada u ingliz tilidan CEFR B2, matematika va fizika fanlaridan A+, o‘zbek tili va adabiyotidan A, tarix fanidan esa B+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

Tayyorgarlik jarayonida u asosan test to‘plamlari va onlayn ta’lim platformalaridan foydalangan. Imtihonga bir oy qolganida esa oldingi yillarda tushgan hamda ularga o‘xshash savollarni muntazam ishlab, tezkorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratgan.

 

Bu usul menga nafaqat bilimimni mustahkamlash, balki savollarni tez ishlash ko‘nikmasini ham shakllantirdi.

 

Abituriyentning fikricha, imtihondagi savollar u kutganidan biroz murakkabroq bo‘lgan. Shunga qaramay, tayyorgarlik davomida olgan bilimlari unga ishonch berib, barcha savollarni imkon qadar to‘g‘ri ishlashga harakat qilgan.

 

Kamroq uxlab ko‘proq dars qildim, vaqtimni bekorchi mashg‘ulotlarga sarflamaslikka harakat qilardim. Albatta, uyqu rejimim ham buzilgan paytlar bo‘ldi. Ammo maqsadim bunga arzir edi. Mening fizika ustozim qaysi fan bo‘yicha tayyorlanayotganimdan qat’i nazar, doimo meni qo‘llab-quvvatlar, bu ish qo‘limdan kelishiga ishontirar edi. Menimcha, psixologik tayyorgarlik va yaqin insonlarning ishonchi muvaffaqiyatda juda katta rol o‘ynaydi.

 

“Shoshqaloqlikni yenging”

 

Sertifikatlar sohibasi tengdosh abituriyentlarga eng avvalo shoshqaloqlikdan voz kechishni tavsiya qiladi. Uning aytishicha, har bir savolni xotirjam va e’tibor bilan ishlash yuqori natijaning muhim omillaridan biridir.

 

Bitiruvchining ta’kidlashicha, o‘quvchilarni rag‘batlantirish tizimi yanada kuchaytirilsa, natijalar ham yaxshilanadi.

 

Yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar rag‘batlantirilsa, boshqalar ham ularga havas qiladi va o‘z ustida ko‘proq ishlashni boshlaydi. Maktabdagi motivatsion muhit juda muhim, — deydi u.

 

Bugungi kunda Farzona rus tili va ingliz tilini yanada chuqurroq o‘rganish ustida ishlamoqda.

 

Farzonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, qashqadaryolik abituriyent qiz muddatidan avval maksimal ball to‘plab, talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.