Qashqadaryo viloyati MMTB jazirama kunlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari ochiq maydonlarda oʻtkazilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi. Unda anomal issiq kunlarda tadbirlarni imkon qadar salqin va yopiq joylarda tashkil etish hamda oʻquvchilar salomatligi va xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida taʼminlash boʻyicha hududiy boʻlimlarga tegishli koʻrsatmalar berilgani maʼlum qilingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda respublikaning ayrim hududlarida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etayotgani yoritilgan maqola va unda keltirilgan foto hamda videolar tarqaldi.
Maqolada Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida oʻtkazilgan tadbirlardan misollar keltirilib, ayrim oʻquvchilar jazirama issiqda ochiq maydonlarda tashkil etilgan tadbirlarga jalb qilingani, ayrim fan toʻgaraklari esa sovutish tizimi mavjud boʻlmagan sinf xonalarida oʻtkazilgani qayd etilgan. Shuningdek, maktablarning ichimlik suvi, sanitariya va infratuzilmasi bilan bogʻliq ayrim statistik maʼlumotlar keltirilib, bunday ob-havo sharoitida oʻquvchilar salomatligiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlangan.
Mazkur xabarlar ortidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat eʼlon qildi.
Boshqarma maʼlum qilishicha, maqolada eʼlon qilingan foto va videomateriallar joriy kunlarda emas, 2026-yil 8-iyul kuni Dehqonobod tumanida oʻtkazilgan tadbir davomida tasvirga olingan.
“Mazkur xabarda keltirilgan videolavhalar va fotomateriallar joriy kunlarda emas, 2026-yil 8-iyul kuni Dehqonobod tumanida oʻtkazilgan tadbir jarayonidan olingan. Ularni bugungi ob-havo sharoiti bilan bogʻlab talqin qilish haqiqatga mos kelmaydi”, — deyiladi boshqarma munosabatida.
Shuningdek, boshqarma tomonidan barcha hududiy boʻlimlarga anomal issiq kunlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini ochiq maydonlarda emas, imkon qadar salqin va yopiq joylarda tashkil etish, oʻquvchilar salomatligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgani maʼlum qilingan.
