2026-yil 1-iyuldan boshlab ta’lim sohasida qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Endilikda o‘qituvchilarga milliy va xalqaro sertifikatlar olish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi, davlat OTMlari rektorlari uchun “Rektorlar maktabi” dasturining yo‘lga qo‘yiladi hamda yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilishda yangi yondashuv joriy etiladi.
Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-iyuldan ta’lim sohasida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni bir joyga jamladi.
O‘qituvchilarga milliy va xalqaro sertifikatlar uchun subsidiyalar ajratiladi
Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PQ–49-son qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan subsidiyalar joriy etiladi.
Xususan, o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosidagi milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, ammo BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilandi.
Yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilishda yangi tartib joriy etiladi
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida’’gi Prezident Farmoni (PF–66-son, 20.04.2026-y.) qabul qilindi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv joriy etiladi. Endilikda suhbat savollari kamida bir oy oldin e’lon qilinadi, shuningdek, zamonaviy kasblar reyestri va ular bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ayrim toifadagi yoshlarning o‘qish va imtihon xarajatlari esa “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Dastur doirasida yoshlar saralab olinadi, ularga biznes loyiha ishlab chiqish, savdoga chiqish va bozorni kengaytirish bo‘yicha bilim beriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar yoshga Agentlik sertifikati topshiriladi.
Mazkur sertifikatga ega yoshlar BHMning 500 baravarigacha miqdorda, Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha ssuda olish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini elektr, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga ulash xarajatlarining BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
‘‘Rektorlar maktabi’’ dasturi ishga tushiriladi
Hukumatning 2026-yil 16-apreldagi 177-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim muassasalari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga mo‘ljallangan «Rektorlar maktabi» dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat OTMlari rahbarlari zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi. Unda ochiq tanlov asosida 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr darajasiga ega hamda oliy ta’lim tizimida kamida 5 yil, shundan kamida 2 yil rahbarlik lavozimida ishlagan nomzodlar qatnashishi mumkin.
O‘quv jarayonida tinglovchilarga akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, strategik boshqaruv hamda transformatsiya yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalar beriladi.
Dastur 6 oygacha davom etadi va har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi. Yakunda eng yuqori natija ko‘rsatgan 40 nafargacha ishtirokchi Garvard universiteti hamda boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oʻzbekistonda pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi
“Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–115-son, 23.06.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam toʻlovlari miqdorlari 7 foizga oshiriladi. Bunda:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 soʻm;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 soʻm etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha boʻlgan 1 ta kichik farzandi uchun – 386 000 soʻm, 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 1 ta farzandi uchun – 295 000 soʻm;
- oilaning 2-farzandi uchun qoʻshimcha – 177 000 soʻm;
- oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qoʻshimcha – 118 000 soʻm;
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 450 000 soʻm etib belgilandi.
Harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga sertifikat xarajatlari qoplab beriladi
“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtash nufuzi va jozibadorligini oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–134-son, 07.04.2026-y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan hamda oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlarini “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoplab berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
