Magistraturaga qabul boshlanishiga 10 kun qoldi: jarayonga oid muhim ma’lumotlar

Magistraturaga qabul boshlanishiga 10 kun qoldi: jarayonga oid muhim ma’lumotlar

Magistratura qabulida xorijiy til sertifikati darajasi yo‘nalishga qarab B1, B2 yoki C1 etib belgilangan hamda ayrim toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar qo‘llaniladi. Qabul jarayoni 1-iyuldan 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

Magistratura mutaxassisliklariga qabul har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi. Talabgorlar my.edu.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, hujjat topshirishi mumkin.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, magistratura bosqichiga hujjat topshirishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

— oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (diplom) yoki diplomdan ko‘chirma hamda uning ilovasi;

 

— xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.

 

Bunda 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplom ma’lumotlari Vazirlikning HEMIS axborot tizimida avtomatik shakllantirilishi sababli ushbu toifadagi bitiruvchilardan diplom va uning ilovasini platformaga yuklash talab etilmaydi.

 

Magistratura mutaxassisliklariga qabul uchun quyidagi darajadagi xorijiy til sertifikati talab etiladi:

 

— xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha — kamida C1;

 

— gumanitar fanlar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha — kamida B2;

 

— boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari bo‘yicha — kamida B1.

 

Magistratura bosqichi uchun qaysi yo‘nalishlarga qaysi darajadagi sertifikat talab etilishi haqida batafsil ma’lumot bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

 

Shuningdek, ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘yicha I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar magistraturaga qabul qilinishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishi shart emas.

 

Ko‘zi ojiz abituriyentlarning bakalavriat diplomi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 100 ballik tizimda 71 balldan yuqori yoki 5 ballik tizimda “4” va undan yuqori bo‘lsa, ular qo‘shimcha davlat granti asosida magistraturaga qabul qilinadi.

 

Bundan tashqari, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT xalqaro imtihonidan 1200 va undan yuqori natija olgan abituriyentlar sertifikat berilgan fanga mos hamda tamomlagan bakalavriat yo‘nalishiga turdosh magistratura mutaxassisliklariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.

 

Magistraturaga davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul abituriyentlarning bakalavriat diplomi bo‘yicha o‘rtacha ballari ketma-ketligiga ko‘ra amalga oshiriladi.

 

Ariza topshirish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

  • tizimdan ro‘yxatdan o‘tish va ariza topshirish;
  • diplom hamda xorijiy til sertifikati ma’lumotlarini tasdiqlash;
  • arizani qabul qilish va mutaxassislik mosligini tekshirish.

 

Magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmoniga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga qabul qilishda yangi tizim joriy etiladi.

 

Unga ko‘ra:

 

– magistraturaga o‘qishga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabini saqlab qolish;

 

– oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli ixtisoslik fanlari bo‘yicha qo‘shimcha imtihon o‘tkazish vakolatini berish;

 

– qo‘shimcha imtihon shakli, sinovlar dasturi hamda baholash mezonlari oliy ta’lim tashkiloti tomonidan mustaqil tasdiqlanishi nazarda tutilgan.