Ertadan abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlanadi: Ma’lumotlar qanday olinadi va kimlar to‘lovdan ozod etiladi?

Ertadan abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlanadi: Ma’lumotlar qanday olinadi va kimlar to‘lovdan ozod etiladi?

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar haqidagi ma’lumotlar davlat idoralaridan elektron tarzda olinadi. Test sinovlarida qatnashish uchun 206 ming so‘m to‘lov belgilangan bo‘lib, ayrim toifadagi fuqarolar ushbu to‘lovdan ozod etiladi.

 

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish jarayonida ma’lumotlarni yig‘ish va to‘lov tizimi bo‘yicha aniq tartiblar belgilangan.

 

Ma’lumotlar qayerdan olinadi?



Abituriyentlar haqidagi ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali real vaqt (onlayn) rejimida quyidagi idoralardan olinadi:

 

Bitiruvchi haqida: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim vazirligidan;

 

– Shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlar: Ichki ishlar vazirligidan (pasport, ID-karta va doimiy yashash manzili).

 

Eslatib o’tamiz, ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagandan so‘ng, ma’lumotlarga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlov summasi bazaviy hisoblash miqdoriga qarab belgilanadi. Amaldagi tartibga koʻra, abituriyentlardan testda ishtirok etish uchun BHMning 50 foizi miqdorida (hozirda 206 ming so‘m) to‘lov undiriladi.

 

Kimlardan to‘lov undirilmaydi (bepul)?

 

– oʻqishni test oʻtkazilayotgan yili tugatgan bitiruvchilar;

 

–   nogironligi boʻlgan shaxslar;

 

–  mehribonlik uylari bolalari;

 

–  bolalar shaharchasining bitiruvchilari;

 

– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;

 

– “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar.

 

To‘lovni amalga oshirmagan abituriyentlarga test sinovlari va ijodiy imtihonlarda qatnashish uchun ruxsatnoma shakllantirilmaydi.

 

Avvalroq, qabul jarayonlaridan oldin abituriyentlar nimalarni bilishi kerakligi haqida xabar bergan edik.