“Garvardda o‘qishni orzu qilaman” — SAT’dan 1260 ball olgan 9-sinf bitiruvchisi bilan suhbat

“Garvardda o‘qishni orzu qilaman” — SAT’dan 1260 ball olgan 9-sinf bitiruvchisi bilan suhbat

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi xususiy maktabning 9-sinf bitiruvchisi Mumtozaxon Abdulatifova xalqaro SAT imtihonidan 1260 ball to‘pladi.

 

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi xususiy maktablardan birida tahsil olayotgan 9-sinf bitiruvchisi Mumtoza Abdulatifova SAT 1260 ballik sertifikatga ega bo‘ldi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi.

 

“SAT topshirish g‘oyasi 8-sinfdan boshlab asosiy maqsadimga aylandi”

 

Mumtozaning ingliz tiliga qiziqishi ancha erta boshlangan. U ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni 6-sinfdan boshlagan bo‘lsa, SAT imtihoni haqidagi jiddiy rejalari 8-sinfda shakllangan.

 

O‘quvchining aytishicha, SAT’ning matematika bo‘limiga tayyorgarlikni 7-sinfdan boshlab, ingliz tili bo‘limi ustida esa 4 oy davomida tayyorlangan.

 

Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun maktab, uy vazifalari va qo‘shimcha tayyorgarlikni bir vaqtning o‘zida olib borish oson emas. Biroq u bu jarayonda o‘ziga mos vaqt taqsimotini ishlab chiqqan.

 

O‘ylashimcha, men o‘zim uchun eng yaxshi “time management” tuzganman. Har kuni vazifalarimni maktabda tanaffus paytida bajarib qo‘yardim. Uyga qaytgach esa faqat SAT bilan shug‘ullanardim. Ayrim holatlarda uy vazifalari tufayli imtihongacha yarim tungacha tayyorgarlik ko‘rishga to‘g‘ri kelardi, — deydi u.

 

“Eng katta qiyinchilik — Reading emas, motivatsiyani saqlash bo‘ldi”

 

Mumtoza tayyorgarlik davomida turli manbalardan unumli foydalangan bo‘lib, ustozlari tayyorlab bergan qo‘shimcha materiallar, OnePrep platformasidagi mashg‘ulotlar va BlueBook dasturidagi sinov imtihonlari uning kundalik tayyorgarligining ajralmas qismiga aylangan.

 

SAT imtihonining ingliz tili bo‘limi, xususan reading topshiriqlari, Mumtozaxon uchun biroz murakkab kechgan. Biroq uning fikricha, eng katta sinov savollarning qiyinligida emas, balki uzoq davom etadigan tayyorgarlik jarayonida motivatsiyani yo‘qotmaslik va vaqtni to‘g‘ri boshqarishda bo‘lgan.

 

Eng katta qiyinchilik — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va motivatsiyani doimiy saqlab turish bo‘ldi. Ba’zida past natijali practice test’lardan keyin kayfiyatim tushgan paytlar ham bo‘ldi. Bu menga sabr, mas’uliyat va o‘z ustimda ishlash muhimligini o‘rgatdi. Motivatsiyam pasaygan paytlarda asosiy maqsadimni eslashga harakat qildim. Katta natijalarga birdan erishib bo‘lmaydi. Kichik-kichik maqsadlar qo‘yib, ularni bajarishga e’tibor berdim. Shuningdek, testlardagi xatolarimni tahlil qilib, ularni rivojlanish imkoniyati sifatida ko‘rishga harakat qildim. Dam olish va kun tartibini muvozanatda ushlash ham menga motivatsiyani tiklashda yordam berdi.

 

“Imtihon kuni hayajondan ko‘ra ishonch ko‘proq edi”

 

Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun imtihon kuni eng hayajonli lahzalardan biri hisoblanadi. Ammo Mumtoza bu jarayonni ancha xotirjam qarshi olgan.

 

To‘g‘risini aytganda, menda hech qanday xavotir bo‘lmadi. Imtihon boshlanishi bilan doimgidek, Grammar qismiga o‘tib ketdim. Dastlab nisbatan osonroq savollarni bajarish o‘zimga ishonchni orttirdi deb o‘ylayman.

 

Natijalar e’lon qilinishini kutish davrida esa boshqa darslari va kundalik mashg‘ulotlari bilan band bo‘lib, natijalar sanasiga haddan tashqari e’tibor qaratmaslikka harakat qilgan.

 

“Natijani ko‘rganimda barcha mehnatlarim ko‘z oldimdan o‘tdi”

 

SAT natijalari e’lon qilingan kun Mumtoza uchun uzoq kutilgan lahza bo‘ldi. O‘sha paytda u maktabda edi.

 

SAT natijam chiqadigan payt men maktabda edim. Uzoq vaqt davomida qilgan mehnatim va tayyorgarlik jarayonidagi barcha qiyinchiliklar ko‘z oldimdan o‘tdi. Javobini ko‘rganimda dastlab juda xursand bo‘ldim. Hamma – sinfdoshlarim, yaqinlarim – tabriklashdi. Keyin esa qandaydir yengillik hissi paydo bo‘ldi. Natija meni ortiqcha hayratda qoldirmadi, lekin qilgan mehnatim bekorga ketmaganidan xursand bo‘ldim, — eslaydi u.

 

Sertifikat sohibasi SAT bo‘yicha o‘zini hali katta tajriba egasi deb hisoblamaydi. Shunga qaramay, u ushbu yo‘lni endi boshlayotgan o‘quvchilarga muhim tavsiyalar berishga tayyor.

 

SAT o‘rganishni ertaroq boshlashni maslahat bergan bo‘lardim. Ko‘pchilik faqat natijaga e’tibor beradi, lekin aslida jarayonning o‘zi juda muhim. Yana bir muhim jihat — xatolardan qo‘rqmaslik. Menimcha, eng katta rivojlanish aynan xatolar ustida ishlash orqali bo‘ladi.

 

“Harvardda o‘qishni orzu qilaman”

 

1260 ball Mumtozaxon uchun katta maqsadlar sari tashlangan navbatdagi qadamdir. U avvalo, SAT natijasini yanada yaxshilamoqchi. O‘z imkoniyatlariga ishongan holda, bundan ham yuqori natijaga erishishi mumkinligini ta’kidladi.

 

Kelajakdagi eng katta orzularidan biri esa AQShning nufuzli universitetlaridan biri — Harvard University’da tahsil olish. U bu universitetni nafaqat ta’lim sifati, balki shaxsiy rivojlanish uchun yaratadigan keng imkoniyatlari sabab tanlagan.

 

Yozgi ta’tilni ham bekor o‘tkazishni istamagan Mumtoza navbatdagi maqsad sifatida IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishni ham rejalashtirmoqda. Chunki uning nazarida muvaffaqiyatga erishgan inson hech qachon o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak.

 

Mumtozaxonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, SAT’dan 1470 ballik sertifikatni qo‘lga kiritgan farg‘onalik 9-sinf bitiruvchisi Abdurahmon Qodirov bilan suhbatlashgan edik.