Yangiariq maktablarida ta’mirlash uchun pul yig‘ilgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi

Yangiariq maktablarida ta’mirlash uchun pul yig‘ilgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi maktablarda taʼmirlash ishlari uchun oʻquvchilardan 100 ming soʻmdan mablagʻ yigʻilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida mazkur maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagani maʼlum qilindi.

 

Joriy yilning 19-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangiariq tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi maktablarda taʼmirlash ishlari uchun oʻquvchilardan 100 ming soʻmdan mablagʻ yigʻilayotgani haqida murojaatlar tarqaldi.

 

Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, vaziyat boshqarmaning ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan. Oʻrganish jarayonida Yangiariq tumanidagi umumtaʼlim maktablarida ota-onalardan taʼmirlash ishlari uchun 100 ming soʻmdan majburiy mablagʻ yigʻilayotgani haqidagi maʼlumot oʻz tasdigʻini topmagan.

 

“Eslatib oʻtamiz, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi tomonidan taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishlarda ota-onalardan har qanday koʻrinishdagi noqonuniy mablagʻ yigʻimlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berilgan” — deydi rasmiylar.

 

Agar fuqarolar tomonidan taʼlim muassasalarida noqonuniy mablagʻ yigʻish holatlariga duch kelinsa, bu haqda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining murojaatlarni qabul qilish tizimi @Xorazm_MMTBbot hamda boshqarmaning ishonch telefonlari (62) 228-11-51; (62) 228-11-70 orqali maʼlum qilishlari soʻralgan.

 

“Har bir murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda tegishli choralar koʻrilishini maʼlum qilamiz” — deyiladi xabarda.

 

Avvalroq, Samarqandda maktablarni ta’mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ilayotgani haqida xabar bergan edik.